2020-yilning 21-25 dekabr kunlari "Yuzma-100" loyihasi
doirasida abonentlar va aholi Mobiuz rahbariyatiga o’zlarini qiziqtirgan
savollari bilan murojaat qildi. Loyiha davomida 600 dan ziyod turli xil
savollar kelib tushdi. Bugun Mobiuz kompaniyasi rahbariyati eng dolzarb va ko’p
uchragan 100 ta savolga javob berishmoqda.
Sobir Aripov, Bosh direktor:
1) Mobiuz 2020-yilda qanday yutuqlarga erishdi?
2020-yil barcha mobil aloqa operatorlar uchun qiyin yil bo’ldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli ko’plab jarayonlarning online tarzga o’tishi mobil tarmoqlarga tushayotgan yukni bir necha baravar oshirdi. Shu sababli, bu davrda 4G/3G tarmoqlari qamrovini respublika bo’yicha kengaytirish va sig‘imini oshirish kompaniyamizning muhim yo’nalishlaridan biri bo’ldi. Mobiuz texnik jamoasi butun mamlakat bo’ylab tezkor tarzda yangi tayanch stansiyalarini ishga tushirib bordi. Masalan, bir hafta ichidayoq – 25-maydan 31-maygacha – rekord miqdordagi 134 ta tayanch stansiyasi ishga tushirildi. Umuman 2020-yilda esa 1300 dan ziyod tayanch stansiyalari o’rnatildi.
Bizning 2020-yildagi ulkan yutug‘larimiz – Internet narxlarining keskin pasayishi, amaldagi tariflarning yangilanishi va yangi tarif rejalari, shu jumladan, imtiyozli rejalar joriy qilinishi, deb hisoblayman. Mobiuz Internet foydalanuvchilari uchun “Gap Yo’q” va “Gap Yo’q Pro”, tibbiyot vakillari, IIV, FVV, Milliy gvardiya xodimlari uchun “Fidokor” va “Fidokor+”, talabalar uchun “Talaba” va “Talaba+”, maktab o’quvchilari uchun "Maktab", hammabop “Yengil” tarif rejalari joriy etildi. Kompaniyaning 6 yilligi munosabati bilan 16 ta tarif rejasining shartlari qayta ko’rib chiqildi.
Mobiuz jamoasining professional tarkibining kengayishi va uning tajribasini yangi sharoitlarda joriy etilayotgan yilning yana bir yutug'i deb atamoqchiman.
2-3) 2021-yilda Internet sifatini oshirish uchun nima qilinadi? Kompaniya qishloqlarni yuqori sifatli aloqa bilan qamrab olish bo’yicha qanday rejalarni amalga oshirmoqda?
Kompaniyamizni 2019-2021 yillarda rivojlanish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda bu yil muhim rol o’ynaydi. 2021-yilda biz texnik rivojlanish va aholini sifatli mobil aloqa va Internet bilan ta’minlash masalalariga yanada ko’proq e'tibor qaratamiz.
Hususan, Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan imtiyozli kredit doirasida kompaniyamizga taqdim etilayotgan yangi tayanch stantsiyalari va uskunalarini faol ravishda o’rnatish boshlanadi. Biz 2021-yilda respublikada, shu jumladan qishloq joylarda, 1000 dan ortiq tayanch stansiyalarni o’rnatishni rejalashtirmoqdamiz. Bu haqida ma’lumot kompaniya web-saytida va uning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida doimiy ravishda joylashtirib boriladi.
4) 4G LTE tarmog‘i qachon butun O’zbekistonni qamrab oladi?
Mobiuz’ning 4G LTE tarmog‘i har yili o’z qamrovini kengaytirmoqda. Bu yil u Oltinko’l tumanidagi Jalobek (Andijon viloyati), Buxoro tumanidagi Novmetan (Buxoro viloyati), Mirzacho’l tumanidagi Mirzadala (Jizzax viloyati), Uchko’prik tumanidagi Turg‘oq (Farg‘ona viloyati), Xatirchi tumanidagi Yangirobot (Navoiy viloyati) qishloqlarida va boshqa ko’plab aholi punktlarida joriy etildi.
2021-yilda biz barcha hududlarda 4G tarmoqlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beramiz. O’ylaymanki, yaqin 2-3 yil ichida biz bir vaqtning o’zida 5G tarmoqlarini bosqichma-bosqich joriy etib, respublikada 4G LTE qamrovini sezirarli darajada yaxshilaymiz.
5) 5G tarmog‘i qachon ishga tushiriladi?
Yangi yechimlarni amalga oshirishdan oldin, ayniqsa texnik yangiliklar haqida gap ketganda, biz puxta tayyorgarlik olib boramiz va ularni amalga oshirish haqiqatan ham foydali va dolzarb ekanligiga ishonch hosil qilishga intilamiz. Mobiuz respublikada to’rtinchi avlod tarmoqlarini rivojlantirish bilan bir qatorda 5G’ni rivojlantirishga qizg‘in tayyorgarlik ko’rmoqda – mutaxassislarimiz ushbu texnologiyani o’rganib, uni O’zbekistonda amalda qo’llash masalalarini ko’rib chiqmoqdalar. O’ylaymanki, 2021-yilda biz o’z abonentlarimizni ushbu masala bo’yicha yangiliklar bilan xursand qila olamiz.
Ta'kidlash joizki, 2020-yilda 5G’da ishlay oladigan mobil qurilmalarning xalqaro bozori sezilarli darajada rivojlana boshladi, shu bilan birga bunday mobil qurilmalar mamlakatimizga endigina kela boshladi. Yurtimizga 5G ruqilmalari kirib kelish hajmi oshib borishi va abonentlarda ehtiyoj oshishi bilan Mobiuz’ning 5G tarmog‘i har qachongidan ham dolzarb bo’lib qoladi.
6) eSIM’ni ishga tushirishni rejalashtiryapsizmi?
Mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish va mijozlarga xizmat ko’rsatish sifatini oshirish nuqtai nazaridan eSIM texnologiyasi juda katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Bizning texnik va IT mutaxassislarimiz ushbu texnologiyani tatbiq etish masalasini o’rganmoqdalar.
7) "Mobil qullik" qachon bekor qilinadi?
MNP, ya’ni mobil tarmoqlarda abonent raqamini ko’chirish xizmatini joriy etish masalasi mamlakatimizda bir necha yildan beri faol muhokama qilinmoqda. Mobiuz vakillari mahalliy mutaxassislar qatorida so’nggi yillarda MDHning qator mamlakatlarida bo’lib, ushbu masalaning barcha jihatlari va texnik yechimlarini batafsil o’rganib keldilar.
2020-yilning 1-oktabridan boshlab Mobil aloqa xizmatlarini ko’rsatishning yangi qoidalariga binoan, uyali aloqa xizmatlarini ko’rsatish uchun shartnoma muddati davomida abonentga berilgan raqamni saqlash va boshqa uyali aloqa operatori bilan yangi shartnoma tuzishda foydalanish mumkin. Shunday qilib, raqamni o’zgartirmagan holda bitta operatordan ikkinchisiga o’tish imkoniyati mamlakatimizda allaqachon hujjatlashtirildi.
Biroq, O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi raqamni saqlab qolib, uyali aloqa operatorini o’zgartirish tartiblari va talablarini ishlab chiqish zarurligini tushuntirdi. Shuningdek, 2020-2021 yillarda uyali aloqa operatorlari tegishli infratuzilmani yaratishi va zarur uskunalarni sotib olishi qayd etildi.
O’z navbatida, Mobiuz mobil aloqa operatori ham ushbu loyihani amalga oshirishga tayyorgarlik ko’rmoqda.
8-9) Hozirda Mobiuz’ning nechta abonenti bor? Mobiuz o’z abonentlari sonini ko’paytirish uchun qanday rejalar tuzgan?
2020-yilning dekabr oyi oxiriga kelib Mobiuz abonentlari soni 3,9 milliondan oshdi. Shuni ta'kidlashni istardimki, bularning barchasi so’nggi 60 kun ichida tarmoqdagi faolligi kuzatilgan faol abonentlardir. Agar abonent uzoq vaqt xizmatlardan foydalanmasa, shartnomani bekor qilish muddatlarini uzaytirib, "sun'iy" ravishda abonentlar sonini ko’paytirish amaliyotidan voz kechdik.
Mobiuz ijobiy o’zgarishlar to’qinida bo’lishga hamda zamonaviy, talabga javob beradigan, raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar ko’rsatishga intiladi. 2019-yilning dekabr oyidagi rebrendingdan boshlab biz faoliyat strategiyasini, tarif siyosatini butunlay o’zgartirdik, amaldagi xizmatlarni qayta ko’rib chiqdik va yangilarini ishga tushirdik. Shu tufayli biz bosqichma-bosqich sifatli abonentlar bazasini yaratmoqdamiz va o’sishning yangi nuqtalarini topmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, men kompaniyaning barcha abonentlari va mijozlariga tanlovi va ishonchi uchun minnatdorchilik bildiraman hamda barcha yurtdoshlarimizga sog‘lik, farovonlik va 2021-yilda o’z rejalarini amalga oshirishlarini tilayman.
Lola Filatova, Bosh direktorning marketing va savdolar bo’yicha o’rinbosari:
10-11) Nima uchun Internet narxlari doimiy ravishda emas, aksiyalar doirasida pasayadi? Internet narxlari pasayishda davom etadimi?
Shuni ta'kidlash kerakki, har qanday uyali aloqa operatorining mahsulot va xizmatlari narxlari foyda va rejalashtirilgan xarajatlarni, shuningdek umuman bozordagi vaziyatni hisobga olgan holda shakllanadi. Biz faol rivojlanayotgan operatormiz. Har yili biz aloqa sifatini yaxshilash, yangi tayanch stansiyalarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, jihozlarni takomillashtirishga katta mablag‘ sarflaymiz. Bularning barchasi kapital va operatsion xarajatlarni talab qiladi.
Shunga qaramay, kompaniya mahsulot va xizmatlari narxi nafaqat ko’tarilmayapti, balki yildan-yilga pasayib bormoqda. Hususan, oxirig 4 yil ichida Internet-to‘plamlar narxlari dayarli uch barabar arzonlashdi. Bu shu jumladan aksiyalar doirasida amalga oshirilmoqda. Oxir oqibat, iste'molchi xizmatlarimizdan foydalanib, faqat va faqat yutadi. 2021-yilda abonentlarimizga qulay Internet-xizmatlarini taqdim etish tajribasini davom ettiramiz.
12) Raqobatchilaringiz bilan taqqoslaganda nega Mobiuz Internet-to’plamlari qimmat?
Mobiuz Internet-to’plamlari narxi mamlakatimiz uyali aloqa bozoridagi umumiy holat bilan qiyoslaganda raqobatbardoshdir. O‘tgan yilning oktabr oyida kompaniya 2021-yilning 31-martigacha amal qiladigan aksiya doirasida Internet to’plamlar narxlarini misli ko’rilmagan darajada pasaytirdi. Masalan, 50 000 MB hajmdagi eng katta to’plam narxi 252 ming so’mdan 75 ming so’mgacha tushdi.
13) Qachon (tariflar yoki Internet-to’plamlar doirasida) cheksiz Internet bo’ladi?
Abonentlarimiz trafik va tezlikda cheklovlar bo’lmagan, haqiqatdan cheksiz Internet joriy qilinishini ko’p vaqt kutishmaydi. Ammo narx parametrlari bo’yicha dastlabki bosqichda u amaldagi tarif rejalariga qaraganda qimmatroq bo’ladi.
14) Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram uchun cheksiz trafik taqdim etishni rejalashtiryapsizmi?
Mavzuga oid savolingiz uchun tashakkur. Biz ushbu imkoniyatni ko’rib chiqamiz, lekin umuman olganda biz har qanday maqsad uchun umumiy trafikni taqdim etish siyosatiga amal qilamiz – bu abonentlarga tanlov erkinligini beradi.
15) 100000 MB va undan ortiq Internet-to’plamlar joriy etiladimi?
Katta hajmdagi to’plamlarning joriy iste'moli va ularga bo’lgan talab ko’rsatkichlaridan kelib chiqqan holda biz nominal hajmi 100 000 MB dan yuqori bo’lgan Internet-to’plamlarni kiritish zaruratini ko’rmayapmiz.
16-17) "Yorqin kuz" aksiyasi yana uzaytiriladimi va tarif rejalarida yangilangan to’plamlar abadiy qoladimi?
Biz tarif rejalariga kiritilgan daqiqa, MB va SMS to’plamlarini avvalgi abonent to’lovini saqlab qolgan holda yuqoriga qarab qayta ko’rib chiqishga yoki abonentlarning so’rovlariga binoan yangi mahsulotlarni taqdim etishga doimo intilamiz. Masalan, "Yorqin kuz" aksiyasi doirasida kompaniyaning 16 ta eng ommabop tarif rejalari yangilandi. Aksiya hozircha 2021-yilning 31-martigacha amal qilmoqda.
18) Boshqa abonentlarga MB yoki daqiqalarni o’tkazib berish xizmati joriy etiladimi?
Ha, shubhasiz, biz ushbu xizmatni yaqin kelajakda joriy etishni rejalashtirmoqdamiz.
19) Daqiqalarni megabaytga almashtirish xizmati ham bo’ladimi?
Eslatib o’taman, bu xizmatni biz ilk bor bozorda joriy qilgan edik – u bir necha yil oldin korporativ mijozlar uchun amal qila boshlagan. Buxoro viloyati abonentlari uchun ham xizmat sinovdan o’tkazilgan. Abonentlar – jismoniy shaxslar uchun bunday imkoniyatni yaratish yaqin rejalarimizda bor, albatta.
20) Abonent to’lovini muddatidan oldin to’lash va yangi limitlarni olish uchun "Restart" xizmati ishga tushiriladimi?
Bir necha oy ichida biz abonentlarga o’z to’plamlaridan yanada samarali foydalanishga va oyning 1-kuniga bog‘lanmagan holda tarif rejalarini boshqarishga yordam beradigan funksiyani ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz.
21) Konstruktor tariflar tatbiq etiladimi?
Kompaniya tayyor mahsulotlarni joriy etish siyosatiga amal qiladi. Biz abonentlarning xohish-istaklariga binoan xizmatlarning turli xil variantlari va hajmlarini taqdim etishga intilamiz. Shuning uchun hozircha konstruktor tariflarni joriy etish masalasi ko’rib chiqilmayapti.
22) "Eksklyuziv" tarif rejasiga ulanishni qayta ochib bera olasizmi?
Afsuski yo’q. Dastlab ushbu tarifga faqat ma'lum bir davrda ulanish mumkin edi va tarifning o’zi ham eksklyuziv taklif sifatida baholangan. Yaqin kelajakda biz "Eksklyuziv" tarifidan ham qulayroq tariflarni ishga tushiramiz.
23) Yillik Mobi 20, 30, 40 rejalari ishga tushiriladimi?
Biz abonentlarning ehtiyojlarini diqqat bilan kuzatib boramiz va bunday tarif rejalarini ishga tushirishga talab katta bo’lsa, ularni amalga oshiramiz.
24) “Fidokor” tariflarini Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun ham ochish mumkinmi?
Ushbu masalani chuqur o’rganib chiqish kerak bo’ladi. Buni albatta tahlil qilib ko’ramiz.
25) Uzoq yillik abonentlar uchun bonus dasturini joriy qilishni rejalashtiryapsizmi?
Ha, abonentlarning xizmatlarimizdan foydalanish tajribasidan kelib chiqib bonuslar taqdim etishning turli variantlarini ko’rib chiqmoqdamiz. Masalan, Mobiuz’ning 6 yilligi munosabati bilan abonentlarning qachon ulanganligiga qarab turli xil hajmdagi daqiqa yoki MB’larni bonus sifatida berdik.
26) Nima uchun Mobiuz’ning asosiy rangi qizil?
Biz nafaqat qizil rangdan foydalanamiz. Mobiuz‘ning asosiy rang palitrasi qizil va oq ranglarning uyg'un kombinatsiyasidir. Bu marketing nuqtai nazaridan eng samarali deb hisoblangan bir nechta rang kombinatsiyalaridan biridir.
27) TAS-IX qanchondan alohida narxlanadi?
Biz uchun ustuvor yo’nalish - bu Internet-trafikni alohida yo’nalish va xizmatlarga ajratishdan ko’ra, umumiy tarzda katta hajmni taqdim etishdir. Shuning uchun, shu nuqtai nazardan, biz TAS-IX’ni alohida narxlashnii yoki u bo’yicha biron bir taklif kiritishni rejalashtirmayapmiz.
28-29) "Mobil televideniye" xizmati narxlari arzonlashadimi? Korporativ mijozlar uchun "Mobil televideniye" joriy etiladimi?
"Mobil televideniye" xizmati narxining shakllanishi ko’plab omillardan iborat, masalan, mualliflik huquqi egalariga pul ajratish, abonentlar sarflayotgan qilayotgan Internet narxi va boshqalar. Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda ushbu xizmatni takomillashtirish va abonentlarning ehtiyojlari uchun uni optimallashtirish bo’yicha doimiy ish olib bormoqdamiz.
Xizmat faqat abonentlar – jismoniy shaxslar uchun mo’ljallangan. Kompaniyaning korporativ mijozlari boshqa qulayliklarga ega.
30) Nega oylik to’lovi umuman bo’lmagan tarif rejalari yo’q?
Mobil aloqa xizmatlarini ko’rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to’lovlarni hisoblash va to’lash tartibi to’g'risidagi nizomga muvofiq, uyali aloqa operatorlari har bir abonent raqami uchun oyiga 2000 so’m to’laydilar. Shu sababli kompaniyamizda hech qanday oylik to’lovisiz tarif rejalari mavjud emas.
31) Nima uchun Mobi tarif rejalarida konferentsaloqa o’chirilgan?
Konferentsaloqa xizmati cheksiz qo’ng‘iroqlarni o’z ichiga olgan tarif rejalarida, shuningdek "Super 0" xizmati bilan birga amal qilmaydi. Bu operatorlar o’rtasidagi hisob-kitoblar (interkonnekt)ni soddalashtirish va firibgarlar tomonidan GSM-shlyuzlardan foydalanishni oldini olishga xizmat qiladi.
32-33) Nima uchun “Talaba” va “Talaba+” tariflariga faqat yangi raqam bilan ulanish mumkin? Tarifda tungi to’plam o’rniga kunlik to’plamni ko’paytirib bera olasizlarmi?
Bunday tartib oliy o’quv yurtlari talabalari bo’lmagan abonentlar tomonidan tarifga o’tishni oldini olish uchun qilingan. Ushbu tariflar doirasida megabaytlarni oshirishga kelsak – zarurat tug‘ilgani sayin tariflarni yangilab boramiz.
34) Nima uchun tarif rejalarida qolgan daqiqalar, SMS va Internet-to’plamlar keyingi oyga o’tkazilmaydi?
Tarif rejalarining abonent to’lovi har oyda to’lanadi va shu davr uchun daqiqa, MB va SMS to’plamlari taqdim etiladi. Bir oy ichida abonentlar ushbu limitlardan foydalanishlari kerak, aks holda ular keyingi abonent to’lovi olinadigan vaqtga kelib kuyib ketadi. Agar abonentda har oyda daqiqa yoki MBlar qolib ketayotgan bo’lsa, u arzonroq tarif rejasiga o’tishi kerak. Shunda u o’zining ehtiyojiga mos trafikka ega bo’ladi.
35) Nima uchun ba'zi yangi tariflarga faqat yangi raqam bilan ulanish mumkin?
Tarif rejalari yoki xizmatlarini ishga tushirishdan oldin kompaniya ma'lum marketing maqsadlari va vazifalarini belgilaydi. Ayrim tariflarga faqat yangi raqam bilan ulanish imkoniyati ham shular jumlasidan. Shuni ta'kidlashni istardimki, bu orqali amaldagi abonentlarni cheklash tushunilmaydi – ular uchun boshqa qulaylik va imtiyozlar bor.
36) Gold va undan yuqori toifadagi chiroyli raqamlarga qachon chegirmalar bo’ladi?
Afsuski, bu savolga aniq javob bermayman. Buning sababi oddiy – chiroyli raqamlarga, ayniqsa Gold va undan yuqori toifalarga chegirmalar abonentlar tomonidan hushxabar tarzida qabul qilinadi. Oldindan aytib qo’yadigan bo’lsak, buning qizig‘I qolmaydi. Mutaxassislarimiz bu borada ishlar olib bormoqda. Yangiliklarimizni kuzatib boring, 2020-yilga qaraganda 2021-yilda ular ko’proq bo’ladi.
37-38) Nima uchun, agar chiroyli raqam chegirma bilan sotib olinsa, tarif rejasini o’zgartirib bo’lmaydi? Nega oddiy raqamlarga nisbatan chiroyli raqamlarga ulanishning alohida qoidalari mavjud?
Shuni yodda tutish kerakki, chiroyli raqamlar mobil aloqa operatorining eksklyuziv mahsulotidir. Chegirmalar yoki arzonlashtirilgan narxlarda ulangan raqamlarga maxsus shartlar qo’llaniladi – tarif rejalarini olti oydan o’n ikki oygacha o’zgartirish mumkin emas. Bunday chora abonent ma'lum vaqt davomida kompaniya xizmatlaridan foydalanishining o’ziga xos kafolati. Texnik taqiq ham arzonroq, ham qimmatroq tarifga o’tishga taalluqlidir.
39-40) Chiroyli raqamni kreditga sotib olish mumkinmi? Gold toifasidan arzonroq chiroyli raqamlar haqini bo’lib to’lash xizmati ishga tushadimi?
Mobiuz abonentlari va korporativ mijozlar Gold va undan yuqori toifadagi raqamlar haqini 10 oy ichida qismlarga bo’lib to’lashlari mumkin. Mablag‘larning birinchi qismi ulanish paytida, qolgan 9 qismi esa oyning har birinchi sanasida yechib olinadi. Gold toifasidan arzonroq toifalar uchun bunday tartib joriy qilinishini rejalashtirilmagan.
41) Nega 88 kodi bilan boshlangan raqamlarga turli xil xizmatlarning SMS-xabarnomalari kelmaydi?
Yangi 88 kodli raqamlar allaqachon mamlakatimizdagi eng ommabop online xizmatlar bilan ishlamoqda. Kompaniya ijtimoiy tarmoqlar, online xizmatlarni ko’rsatuvchi xalqaro kompaniyalar bilan faol ravishda 88 kodini O’zbekistonga qarashli raqamlar ro’yxatiga kiritish bo’yicha muzokaralar olib bormoqda.
42) Hisobni to’ldirishda bonus berilishini joriy qilish mumkinmi?
Biz bunday xizmat haqida o’ylab ko’ramiz va kerakli hisob-kitoblar qilamiz. Barcha ijobiy va salbiy tomonlarini tahlil qilib, tegishli qaror qabul qilamiz.
43) Kompaniya qachon o’z mobil ilovasiga ega bo’ladi?
Kompaniya mobil ilovasi ishlab chiqilmoqda. Biz xizmatlarimizdan foydalanishdagi barcha ehtiyojlarini maksimal darajada qondiradigan ilova ustida ish olib boryapmiz.
44) Smartfon ishlab chiqaruvchilari bilan qo’shma aksiyalarni o’tkaza olasizmi?
Kompaniya eng yirik uyali telefon ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda uzoq muddatli aksiyalarni o’tkazishni rejalashtirmoqda.
45) Nima uchun rouming xizmatlariga ulanishdagi minimal to’lov 50 AQSh dollarini tashkil qiladi?
Rouming xizmatini yoqish uchun abonent kompaniya ofislarida kamida 210 517,5 so’m to’laydi, ushbu mablag‘lar kelajakdagi rouming harajatlari uchun avans to’lovi sifatida abonent balansiga to’liq kiritiladi. Bu oldindan to’lash uchun maqbul summa. U rouming xizmati ishlab turishini kafolatlaydi, abonent esa hisob qanday to’ldirish haqida o’ylamaydi. Agar abonent ushbu mablag‘ni roumingda sarflamagan bo’lsa, keyinchalik tarif abonent to’lovi yoki har qanday to’plamlarni faollashtirish uchun ishlatishi mumkin.
46) Har yili minglab odamlar Makkaga hajga borishadi. Saudiya Arabistonida rouming narxlarini tushira olasizmi?
Saudiya Arabistonidagi rouming hamkorimiz Zain Telecom operatori. Vatandoshlarimizning Haj va Umra ziyoratiga borish kunlarida chegirmalar berish masalasini albatta ko’rib chiqamiz.
47) Xalqaro yo’nalishlarga, xususan Rossiyaga qo’ng‘iroqlar arzonroq bo’ladimi?
Biz ushbu imkoniyatni ko’rib chiqamiz va kerakli hisob-kitoblarni amalga oshiramiz.
48) "Sizga qo’ng‘iroq qilishdi" xizmatini "Men aloqadaman" xizmatidan alohida qilishni iloji bormi?
Agar abonentda "Sizga qo’ng‘iroq qilishdi" xizmati yoqilgan bo’lsa, u xizmat doirasiga kirganligi haqidagi xabarnomalarni qo’ng‘iroq qilgan boshqa abonentlarga yuborilishini yoqib yoki o’chirib qo’yishi mumkin.
Xabarnomalarni yoqish uchun “notify on” SMS-xabarini 808 qisqa raqamiga yuboring. O’chirish uchun esa 808 qisqa raqamiga “notify off” buyrug‘ini yuboring.
Ko’rib turganingizdek, "Men aloqadaman" xizmatini alohida boshqarish mumkin.
49) Nima uchun "Sizga qo’ng‘iroq qilishdi" xizmati pullik?
Ushbu xizmat abonentlar uchun qo’shimcha qulaylik bo’lib, abonentga telefoni o’chiq bo’lganida birorta qo’ng‘iroqni o’tkazib yubormaslik imkonini beradi.
Yangi ulangan abonentlar uchun "Sizga qo’ng‘iroq qilishdi/Men aloqadaman" xizmatlari 30 kun bepul taqdim etiladi. Keyin esa kuniga atigi 84,21 so’mdan narxlanadi. Zarurat bo’lmasa, abonent xizmatlarni o’chirib qo’yishi mumkin.
Aytgancha, xizmat roumingda ham amal qiladi.
50) Nima uchun "Sizga qo’ng‘iroq qilishdi" xizmatidan keladigan SMS-xabarnoma avvallari 808 raqamidan kelardi, hozir esa qo’ng‘iroq qiluvchining nomidan kelmoqda?
Ushbu imkoniyat abonentlarga qulaylik yaratish maqsadida Mobiuz billing tizimini yangilash natijasida amalga oshirildi. Ilgari o’tkazib yuborilgan qo’ng‘iroqlar to’g‘risida xabarnomalar faqat 808 raqamidan kelar edi. Endi ular qo’ng'iroq qiluvchining raqamidan xabar ko’rinishida kelmoqda. Bu qulay, zero kim qo’ng'iroq qilganini darhol ko’rish mumkin. Qo’ng‘iroq kelib tushgan raqam kontaktlar ro’yxatida bormi-yo’qmi darhol bilib olish mumkin.
51) *35*0000# kodini terish orqali kiruvchi qo’ng'iroqlarni bandlab qo’ysam, «Sizga qo’ng'iroq qilishdi» xizmatining SMS-xabarlari nega kelmayapti?
*35*0000# kodi – bu mobil qurilmalarning tizim kodi (uyali aloqa operatoriniki emas). Ushbu kod nafaqat barcha kiruvchi qo’ng'iroqlarni, balki SMS-xabarlarni ham bandlashga yordam beradi. Bunday sharoitda "Sizga qo’ng'iroq qilishdi" xizmatidan xabarlar ham kelmaydi. Bandlashni bekor qilish uchun #35*0000# kodini tering.
52) Nima uchun mobil Internet trafigi tez sarflanmoqda?
Internet-trafik sarflanishi, mobil aloqa xizmatlari uchun barcha hisob-kitoblar va to’lovlar mobil aloqa operatorining billing tizimida qayd etiladi. Unda barcha tariflar va xizmatlar to’g‘risidagi ma'lumotlar saqlanadi. Har bir abonent tomonidan xizmatlarning foydalanilgan hajmiga qarab tizim avtomatik ravishda hisob-kitoblarni amalga oshiradi va bu haqida ma’lumotlarni ko’rsatadi.
Shunday qilib billing tizimida inson omilining ta'siri minimal darajada. Masalan, abonent qancha megabayt sarflaganini, necha daqiqa gaplashganini, to’plamning amal qilish muddati yakunlanganligini, xizmatni faollashtirish uchun balansdan qancha pul olinishi kerakligi aynan biiling tizimi hisoblab beradi. Shu bilan birga, mobil Internetni narxlash kvanti atigi 1 kilobaytni tashkil qiladi, ya'ni Internet-trafik sarfi shu qadar aniqlikda hisoblanadi.
Shularni inobatga olgan holda, biz qurilmangizda viruslarni tekshirib ko’rishingizni, qaysi dasturlarda Internet-trafikdan ko’proq foydalanayotganingizni va bu sizning roziligingiz bilan sodir bo’layaptimi-yo’qmi aniqlashingizni, qurilmada ilova va servislarni avtomatik yangilanish va sinxronizatsiya qilish servislari yoniq yoki o’chiqligini tekshirishingizni so’raymiz.
53-54) Nimaga tarif rejasini o’zgartirish uchun haq to’lanadi? Tarif o‘zgartirilganda barcha to‘plamlar kuyib ketadimi?
Abonentlar tarif rejalarini kamdan-kam o’zgartiradilar. Bu holat, masalan, kompaniya xizmatlaridan foydalanishni boshlagandan bir oydan keyin kuzatilishi mumkin. Abonentlar daqiqa va MB’ga bo’lgan ehtiyojlarini baholaydilar, shunga qarab u yoki bu tarifga o’tadilar.
Tarif rejasini o’zgartirish kompaniyaning billing tizimida ishtirok etadigan ko’plab jarayonlar bilan bog‘liq xizmatdir. Tarifni o’zgartirish uchun to’lov tizimga tushadigan qo’shimcha yuklanish uchun yechib olinadi. Bundan tashqari, hozirda bitta tarifdan boshqasiga o’tayotgan bo’lsangiz, avvalgi tarif bo’yicha MB, daqiqa, SMS qoldiqlari yangi tarifga o’tkazilmoqda.
55) Men tarif rejasi abonent to’lovini o’z vaqtida to’layman. Nima uchun balansimdan qo’shimcha mablag‘lar yechib olinmoqda?
Abonent tarif rejasi abonent to’lovi doirasida ma'lum daqiqa, MB, SMS-to’plamlariga ega bo’ladi.
Kompaniyaning deyarli barcha asosiy xizmatlari bepul taqdim etiladi, ammo qo’shimcha pullik xizmatlar ham mavjud. Masalan, "Sizga qo’ng‘iroq qilishdi" xizmati abonent bizning tarmog‘imizga qo’shilgandan keyingi dastlabki 30 kun davomida bepul taqdim etiladi, shundan keyin abonent xizmatni o’chirib qo’yishi yoki undan kuniga 84 so’m evaziga foydalanishi mumkin.
Agar abonent o’z raqamini plastik kartaga bog‘lab qo’ygan bo’lsa, uning plastigi hisob raqamining holati (pul tushishi, xarajatlar va boshqalar) to’g‘risida kelgan har bir SMS-xabarnoma uchun 84 so’mdan yechib olinadi.
56-57) Raqamimda qanday xizmatlar yoqilganligini qanday bilishim mumkin? Hisobdan pul nimaga yechilganligini qanday aniqlash mumkin?
Bu turdagi ma'lumotlarni olish uchun abonentlar bir qator qulay xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Masalan, ulangan barcha xizmatlarni tekshirish USSD-kodi *140#. Yana bir kod – *111*025# – joriy oy uchun xarajatlarni tekshirishga imkon beradi. Qanday xizmatlar yoqilgani, qanday harajatlar amalga oshirilayotgani haqidagi batafsil ma’lumotni https://ip.mobi.uz/selfcare Internet-yordamchi (shaxsiy kabinet)dan olish mumkin. Shuningdek, kompaniya call-markaziga qo’ng'iroq qilishingiz, raqam egasining pasport ma'lumotlarini to’liq aytgan holda raqamingiz holati to’g'risida qiziqtirgan barcha ma'lumotlarni olishingiz mumkin.
58) Kompaniyaning call-markazi 24 soat davomida ishlaydi. Operatorlarning ishi smena bo’yicha tashkil etilganmi?
Kompaniyaning call-markaziga ko’plab operatorlar ishlashga jalb qilingan. Ular abonentlarga kunning istalgan vaqtida, tanaffuslarsiz va dam olish kunlarisiz xizmat ko’rsatishlari kerak. Call-markazning har bir xodimi o’z ish jadvali va smenalariga ega. Shu bilan birga, har qanday vaqtda ish joyida bo’lishi kerak bo’lgan operatorlarning maqbul soni ham belgilangan.
59) Nega ba'zida kompaniyaning call-markaziga qo’ng‘iroq qilib tushish qiyin?
Mobiuz call-markazi odatiy tartibda ishlamoqda va abonentlarga mobil aloqaning barcha masalalari bo’yicha xizmat ko’rsatmoqda. Oyning birinchi va oxirgi kunlarida qo’ng‘iroqlar soni sezilarli darajada ko’payadi – abonentlar tarif rejalari va xizmatlari, ma'lum to’lovlar to’g‘risida ma'lumot olish, yangi xizmatlarni ulash yoki tarif rejalarini o’zgartirish maqsadida murojaat qiladilar. Shu sababli, operator bilan bog‘lanishda ba'zi bir kechikishlar bo’lishi mumkin. Abonentlar nafaqat call-markaz orqali, balki boshqa aloqa kanallari, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali ham bog‘lanishlari mumkin. Biz ularni qiziqtirgan masalalarni hal etishga jiddiy e'tibor beramiz.
60) Abonentlar uchun online texnik yordam ko’rsatish xizmati ishga tushiriladimi?
Call-markaz faoliyatini isloh qilish va samaradorligini yanada oshirish maqsadida uning ishini takomillashtirish rejalashtirilgan. Men barcha rejalarni hozir oshkor qilmoqchi emasman, lekin bitta narsa aniq – abonentlar, albatta, takomillashtirish natijalariga ko’ra ijobiy o’zgarishlarni his qilishadi.
61) Chet elda bo’lib turib kompaniyaning aloqa markaziga qanday murojaat qilishingiz mumkin?
Eng qulay variant – kompaniyaning web-saytidagi (https://company.mobi.uz/uz/feedback/) qayta aloqa shakli orqali yozish yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy manbalar orqali kompaniya bilan bog'lanishdir.
62) Nima uchun raqami bandlangan abonentlar kompaniyaning call-markaziga qo’ng'iroq qila olmaydi?
Raqam har qanday turdagi bandlanish holatida bo’lsa ham abonent 0890 raqamiga murojaat qila oladi. Masalan, abonent 30 kundan ko’proq vaqt mobaynida raqamdan foydalanmasa, raqam to’liq bandlanadi, hattoki kiruvchi qo’ng‘iroq va SMSlar ham ishlamaydi. Shunday holatda ham u 0890 raqamiga qo’ng‘iroq qilsa bo’ladi.
63) Agar adashib boshqa odam hisobiga pul to’langan bo’lsa, nima qilish kerak?
To’lov amalga oshirilgan to’lov tizimiga bevosita murojaat qilish kerak bo’ladi. Bog‘lanish raqamlari odatda ularning ilovalari, bankomat va terminallarda ko’rsatilgan. Agar to’lov Paynet shahobchasi orqali amalga oshirilgan bo’lsa, bevostia o’sha shahobchaga murojaat qilish zarur.
64) Reklama ko’rinishidagi hamda FVV’dan keladigan SMS-xabarlarini o’chirib qo’yishni iloji bormi?
Agar kompaniyadan keladigan reklama va axborot ko’rinishidagi SMS-xabarlarni olishni istamasangiz, "SMS-xabarnomalarni bekor qilish" xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Uni Internet-yordamchi yoki *111*0271# USSD-kodi hamda call-markaziga murojaat qilish orqali faollashtirish mumkin. Davlat idoralari, shu jumladan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan yuboriladigan SMS-xabarlarni o’chirib bo’lmaydi.
65) Kimdir mening raqamimga qo’ng'iroqlarni yo’naltirib qo’yibdi, begona raqamlardan qo’ng‘iroq qilishyapti. Nima qilsam bo’ladi?
Agar siz o’zingizni istalmagan qo’ng'iroqlardan himoya qilishni istasangiz, boshqa Mobiuz abonenti raqamingizga qo’ng'iroqlarni atayin yoki noto’g'ri yo’naltirib qo’yishidan himoya qulivchi xizmatni yoqib olishingiz mumkin. Raqamingizga qo’ng‘iroqlarni yo’naltirishni taqiqlash uchun *111*004*1#, narxi – oyiga 1000 so’m.
66) Nima uchun 16 yoshga kirmagan fuqarolar kompaniya raqamlarini ulay olmaydilar?
O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, 18 yoshga to’lmagan shaxslar voyaga yetmagan hisoblanadi va to’liq mehnatga layoqatli emas. 16 yoshga to’lgan va fuqarolik pasportini olgan shaxslar kompaniyamizga ulanish uchun ota-onalari yoki vasiyining shartnoma tuzish uchun notarial tasdiqlangan ruxsatiga ega bo’lishlari kerak.
Bundan tashqari, "Maktab" tarif rejasiga ulanish doirasida maktab o’quvchilarining ota-onalari pasport, farzandining tug'ilganlik to’g'risidagi guvohnomasi bilan kompaniya ofislariga murojaat qilishlari va tegishli ariza yozishlari mumkin. Keyin raqamni maktab o’quvchisi ishlatishi mumkin.
67-68) Nima uchun ma'lum bir prefiksning barcha raqamlari sotuvga chiqmaydi? Nega yangi prefiksni ochilgandan keyin kerakli raqamni topa olmayapman?
Hozirda ulanishning to’liq shaffofligini ta'minlash uchun biz www.mobi.uz web-saytiga raqamlar ro’yxatini joylashtirib va muntazam yangilab boryapmiz.
Mobiuz raqamini tanlashda ko’plab abonentlar iloji boricha 0, 7 va 9 raqamlari qatnashganligini tanlaydilar.Tabiiyki, bunday kombinatsiyasi bo’lgan raqamlar soni cheksiz emas va tezda sotilib ketadi. Bu, ayniqsa, yangi prefikslar chiqarilgan davrga to’g'ri keladi.
Bundan tashqari, shuni unutmaslik kerakki, agar abonent 60 kun davomida kompaniya xizmatlaridan foydalanmasa, tomonlar o’rtasidagi shartnoma bekor qilinadi. Raqam qayta sotuvga chiqarilishdan oldin operator tomonidan ma'lum vaqt davomida saqlanadi. Agar yangi abonent aynan shu raqamni ulamoqchi bo’lsa, raqam tizimda tabiiy ravishda ko’rinmaydi va uni ulash imkoniyati bo’lmaydi (raqam avvalgi egasi tomonidan tiklangan holatlar bundan mustasno).
69) Internetda raqamlarga buyurtma berish mumkinmi?
Kompaniya chiroyli raqamlarini aksariyati sotuvga chiqarilgan. Shunga qaramay, abonentlarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda biz raqamlarni mobilraqam.uzex.uz online kim oshdi savdosi orqali ulash imkoniyatini yaratdik. Bu Mobiuz’ning turli xil toifadagi chiroyli raqamlarini sotishda shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash uchun yana bir qadam.
70) Nima uchun chiroyli raqamni boshqa abonent nomiga o‘tkazayotganda uning narxini yana to’lash kerak?
Chiroyli raqamni bir kishidan boshqasiga rasmiylashtirishda abonent raqam haqining yarmini (to’liq narxini emas) to’laydi. Ushbu tartib firibgarlikka qarshi kurashish va sotuvchilarning noqonuniy faoliyatini cheklash uchun amal qiladi.
71) Agar abonent uzoq vaqt chet elga sayohat qilsa, qanday qilib o’z raqamini saqlab qo’yishi mumkin?
Raqam saqlash xizmatidan foydalanishingiz va uni 90 kunga “muzlatib” qo’yishingiz mumkin. Xizmatni yoqish buyrug'i *111*0161#. Abonent to’lovi kuniga 210,52 so’mni tashkil qiladi. Raqamni bandlanishdan chiqarish uchun Internet-yordamchidan foydalanish yoki kompaniya ofislariga murojaat qilish kerak.
72) Abonent va kompaniya o‘rtasidagi shartnoma bekor qilingandan keyin qancha vaqt ichida raqam qayta sotuvga chiqariladi?
Shartnomasi bekor bo‘lgan raqamlar kamida 60 kun kompaniya tomonidan ushlab turiladi va keyin qayta sotuvga chiqariladi.
73) Hududlardagi abonentlar Toshkent shahriga qarashli prefikslar bilan raqam ulay oladimi?
Ha, abonentlar kompaniyaga qarashli ofislarda Toshkent shahri uchun ochilgan prefikslarni ulashlari mumkin.
74) Nega saytingizda barcha hududlar uchun ochilgan barcha prefikslar ro’yxati yo’q?
Kompaniyaning 6 yillik faoliyati davomida yuzlab prefikslar ochilgan. 88 kodining kiritilishi bilan ularning soni yanada oshdi. Ko’plab prefikslar bo‘yicha raqamlar deyatli qolmagan – ularning barchasi abonentlar tomonidan ulangan.
U yoki bu prefiks operatorga tegishli ekanligini O’zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazining @uztbmbot Telegram-boti yordamida tekshirishingiz mumkin.
Ulanish paytida vakillarimiz o’zingiz yoqtirgan raqamni tanlashda yordam beradi.
75) Qachon kompaniya bilan abonentlik shartnomasini masofadan turib bekor qilish mumkin bo’ladi?
Har yili biz o’z abonentlarimizga ko’proq qulayliklar yaratishga intilib kelyapmiz. Bunday xizmatni joriy etish imkoniyatini ko’rib chiqamiz.
76) Nega jismoniy shaxslar 2 yoki undan ortiq SIM-kartadagi balansni birlashtira olmaydi?
Jismoniy shaxslarning har bir abonent raqami ma'lum bir shaxsiy hisobvaraqlarga bog'langan. Jismoniy shaxs bitta shaxsiy hisobvarag'idagi bir nechta SIM-kartalar balansini boshqarishi uchun yakka tartibdagi tadbirkor maqomida kompaniyaning korporativ tarif rejalariga ulanish zarur.
77) SIM-kartani almashtirmasdan raqamni qanday o’zgartirish mumkin?
"Raqamni almashtirish" xizmati mavjud bo‘lib, Mobiuz SIM-kartangizni almashtirmagan holda faqat raqamni o‘zgartishingiz mumkin. Bu juda qulay, chunki tarif rejasi, barcha daqiqa va MB to’plamlari, ilgari ulangan xizmatlar saqlanib qoladi va tarif rejasiga binoan abonent to’lovini qayta to’lashning hojati yo’q. Xizmatdan foydalanish uchun pasport bilan kompaniya ofisiga murojaat qilishingiz kerak. Xizmat narxi 21 ming so’mni tashkil qiladi.
78) (+998) 97 *** 6767 raqamimni qanday tiklashim mumkin?
Pasportingiz bilan kompaniyaning ofislariga murojaat qilishingiz va ushbu raqam sotuvda bormi-yo‘qmi aniqlashingiz kerak. Agar ushbu chiroyli raqamning so’nggi egasi bo’lsangiz va shartnoma bekor qilinganidan beri 60 kundan oshmagan bo’lsa, siz uni atigi 21 ming so’mga tiklash imkoniyatiga egasiz.
Shuni ta'kidlash kerakki, agar siz raqamni aksiya bo’yicha chegirma bilan sotib olgan bo’lsangiz, aksiyaning barcha shartlarini bajargan bo‘lishingiz kerak. Shunda raqamingizni qulay tarzda tiklab olishingiz mumkin.
79) Kompaniya tijorat hamkori ulagan raqamim bo‘yicha shartnoma nusxasini bermagan bo‘lsa, uni qanday olishim mumkin?
Kompaniyamizning hududingizdagi bosh ofisi (Xizmat ko’rsatish markazi) ga murojaat qilishingiz kerak. Manzillarni bu erda topishingiz mumkin: https://mobi.uz/uz/support/contacts/9863/.
80) Qanday qilib sizning tijorat hamkoringiz bo’lishim mumkin?
Ushbu savolga batafsil javob Mobiuz bilan tijorat asosida hamkorlik qilishni istaganlar uchun foydali bo’ladigan maxsus materialda yoritilgan: https://company.mobi.uz/uz/press/2020/21858/.
81) Tijorat hamkorlaringizni yanada rag'batlantirish uchun qanday ishlar amalga oshiriladi?
Kompaniyaning tijorat vakillarini biz tijorat hamkorlari deb ataymiz. Ular biznesimiz rivojida ulkan rol o’ynaydi, abonentlarga joylarda xizmat qiladi, aholiga kompaniya faoliyati, mahsulotlari va xizmatlari to’g'risida barcha kerakli ma'lumotlarni taqdim etadi. Bu yil biz respublikadagi hamkorlar tarmog'ini yanada kengaytirmoqdamiz.
Hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, ular doimiy ravishda qayta ko’rib chiqilib va takomillashtirilib borilmoqda. Joylarda hamkorlar bilan uchrashuvlar vaqtida ularni yanada qo’llab-quvvatlash masalasi muhokama qilinadi.
Abduraxmon Abduraxmanov, Bosh direktorning texnologiyalar va AT bo’yicha o’rinbosari:
82) Nega operatorlar muntazam ravishda profilaktika ishlarini olib boradi? Bu odatiy bahonalar-ku!
Uyali aloqa operatorining faoliyati doimiy ravishda amalga oshiriladigan texnik va texnologik jarayonlar bilan bog'liq. Uskunalarning ishlashini ta'minlash uchun profilaktika ishlari zarur, bu jarayonda ba'zi uskunalarni vaqtincha o’chirish kerak bo‘ladi.
Masalan, tayanch stansiyalarida profilaktika ishlarini olib borishda antenna-fider traktini o‘lchash talab etiladi, buni esa uskunani o’chirmasdan amalga oshirib bo’lmaydi. Shunga o’xshash jarayon kompaniyaning billing tizimida uskunalar modernizatsiya qilinganida, yangi dasturiy ta'minot o’rnatilganda va h.k. holatlarda qo‘llaniladi.
Profilaktika ishlari kichik yoki jarayonlarga ta’sir qilishi, bitta viloyat hududida yoki butun respublika miqyosida amalga oshirilishi mumkin, billingdagi ba'zi jarayonlarga yoki ularning barchasiga ta'sir qilishi mumkin.
Masalan, avval xabar berganimizdek, 2020-yilda Toshkent shahri va barcha viloyatlarda yangi tayanch stansiyalarini o’rnatish bilan bog‘liq keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Shu munosabat bilan, belgilangan rejaga ko’ra, hududlarda navbatma-navbat profilaktika ishlari olib borildi. Bunday ishlar amalga oshirilayotgan hududdagi abonentlar aloqa sifatining qisqa muddatli yomonlashishini his qildilar. Bu haqidagi barcha ma'lumotlar tezkor ravishda kompaniyaning rasmiy web-saytidagi "Profilaktika ishlari" bo’limida joylashtirilmoqda.
Profilaktika ishlari operatorning injiqligi emas, balki kompaniya faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan jarayondir. Biz ularning ko’p qismini uskunani o’chirmasdan bajarishga intilamiz va abonentlar ularni deyarli sezmaydilar.
83) Tashqi Internet kanalining hozirgi ko’rsatkichi qanday?
Hozirda Mobiuz ijaraga olgan Internet-kanalining o’tkazuvchanligi 55000 Mb/s ni tashkil qilmoqda va zarurat tug‘ilganda kengaytirilib borilmoqda.
84) Men yashaydigan joyda (shahar, tuman, qishloq) qachon yangi tayanch stansiyasi o’rnatiladi?
Har yili, uchinchi chorakdan boshlab Mobiuz uyali aloqa operatori kelgusi rivojlanish rejalarini, shu jumladan tarmoqni kengaytirish rejalarini tuzadi. O’rta muddatli istiqbolda biz barcha qishloqlarni va chekka hududlarni yuqori sifatli aloqa va Internet bilan qamrab olishni rejalashtirmoqdamiz. Bunga erishish uchun bosqichma-bosqich ishlar olib borilmoqda. "Yuzma-100" loyihasi bo’yicha kelib tushgan barcha murojaatlarga keltirilgan aniq manzillar mutaxassislarimiz tomonidan batafsil o’rganilib chiqmoqda hamda ularni kompaniyaning rivojlanish rejalariga kiritilishi ko‘rib chiqilmoqda.
85) Nima uchun yomg'ir yoki qor paytida uyali aloqa sifati yomonlashadi?
Kuchli yomg'ir va qor yog'ishi radioaloqalning sifatiga ta'sir qilishi mumkin, chunki ular radio to’lqinlarining susayishini keltirib chiqaradi. Radioreleli aloqa liniyalari eng katta ta'sirga ega; kuchli yomg'ir yoki qor yog'ishi natijasida ularning parametrlari aloqaning to’liq to’xtashigacha yomonlashishi mumkin.
86) Nima uchun kimgadir qo‘ng‘iroq qilayotganda gudoklar kechroq ketadi?
Buning sababi ma'lum bir vaqtda sizga xizmat ko’rsatadigan tayanch stansiyasida yuklanish yuqoriligida bo’lishi mumkin. Bunday holatda tayanch stansiyasi qo’ng'irog'ingizni navbatga qo‘yadi va bie necha soniyadan keyin unga ishlov beradi.
87) Nega telefondan foydalanmayotgan paytingizda ham tarmoq turi o’zidan-o‘zi o’zgaradi?
Mobil qurilma ma'lum bir tayanch stansiyadan abonentga kelayotgan signal sifati va kuchini doimiy ravishda baholaydi. Agar signal uzilishi ehtimoli bo’lsa, u holda smartfon barqarorroq tarmoqqa o’tadi. Shuni ta'kidlash kerakki, 4G LTE tarmog'i signali bo‘yicha 3G/2G dan ustunlikka ega, o’z navbatida 3G esa 2G ga qaraganda ustuvorlikka ega.
Yuqorida aytib o‘tilgan jarayon smartfonda tarmoq sozlamalari avtomatik ravishda o‘rnatilganda qo’llaniladi. Foydalanuvchi ushbu sozlamalarga o‘zgartirish kiritishi va kerakli deb hisoblagan tarmoqqa ustuvor ahamiyat berishi mumkin.
88-89) Nima uchun qo’ng'iroq qilayotganda LTE belgisi 3G/2G ga o’zgaradi? Tarmog'ingizda VoLTE qachon ishlay boshlaydi?
4G LTE tarmog'i birinchi navbatda Internetga ulanish tezligini oshirishga qaratilgan bo’lib, ushbu tarmoqdagi ovozli qo’ng'iroqlarning sifati deyarli 3G dan farq qilmaydi. Mobiuz tarmog'ida CS Fallback (CSFB) texnologiyasi ishlaydi. Unga ko‘ra, ma'lumotlar uzatish 4G LTE kanallari orqali amalga oshiriladi, kiruvchi/chiquvchi ovozli qo’ng'iroqlar va SMS-xabarlar esa 3G yoki 2G tarmog'I orqali amalga oshiriladi.
VoLTE texnologiyasi ovozli qo’ng'iroqlarni ham 4G tarmoqlari orqali amalga oshirishga imkon beradi. Ayni paytda Mobiuz mutaxassislari VoLTE’ni tashkil qilish imkoniyatini ko’rib chiqmoqdalar, bu masala uskunalar yetkazib beruvchilar bilan ham muhokama qilinmoqda.
90) Nima uchun ma'lumotlar uzatish xizmati har soatda bir necha soniya uzilib qoladi?
Buning sababi shundaki, kompaniyaning billing tizimi har bir abonent bo‘yicha ma'lumotlarni yangilash imkoniyatini yaratib, Internetga ulanishni mustaqil ravishda to’xtatadi. Masalan, buning natijasida katta Internet-seanslardan foydalanish paytida va tariflar to’plami yoki Internet-to’plam tugashi paytida abonent balansi manfiy tomonga o’tmaydi.
91) Mobiuzning 4G LTE tarmog'ining chastotasi qancha?
2016-yilda Mobiuz barcha operatorlar ichida birinchi bo’lib 4G LTE’ni poytaxt bo’ylab ishga tushirayotganda, asosiy e'tibor 800 MGts chastotaga qaratilgan edi. Hozirda 2600 MGts diapazonini qo‘shish va 800 MGts bilan bir maromda ishlashini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda. Respublika hududlarida 2019-yildan boshlab 4G LTE tarmog'i 1800 MGts diapazonida ishlamoqda.
92) Qamchiq dovonida aloqa va Internet sifatini oshirish rejalari bormi?
Har kuni minglab avtomobil va yo’lovchilar o’tadigan Qamchiq dovoni bizning texnik rivojlanish rejalarimizda muhim rol o’ynaydi. Umuman olganda, biz respublikamiz bo’ylab baland tog'li va olis hududlarda yashovchi aholini sifatli aloqa bilan ta’minlash uchun barcha sa'y-harakatlarimizni amalga oshirmoqdamiz.
93) Nima uchun Qashqadaryo viloyatida kompaniyangizning 4G LTE tarmog‘I yo'q?
2019-yilda Mobiuz respublikamizning barcha hududlariga, shu jumladan Qashqadaryo viloyatiga 4G LTE mobil Internet aloqasini taqdim etdi. To'rtinchi avlod tayanch stantsiyalarini o'rnatish ustuvorligi aholi zichligi yuqori bo'lgan shahar va tumanlarga berildi. Biroq, 2020-yil davomida biz tumanlar va qishloqlarni to'rtinchi avlod tarmog'i bilan qamrab olishni sezilarli darajada oshirdik.
Abonent 4G LTE’ning afzalliklaridan bahramand bo'lishi uchun ushbu hududda tarmoq bo‘lishi yetarli emas. Avvalo, abonent qurilmasi ushbu tarmoqni qo'llab-quvvatlashi kerak, ayniqsa, eski modeldagi smartfon va planshetlar uchun bu holat dolzarb. Qurilmaning ushbu standartni qo'llab-quvvatlashiga ishonch hosil qilganingizdan so'ng, 4G LTE xizmatini *222*1# USSD kodidan foydalanib yoqishingiz kerak.
Qodirjon Nazarov, xodimlar bilan ishlash bo’limi boshlig'i
94-96) Kompaniyada eng katta oylik to‘lanadigan 5 ta lavozimni aytib o‘tsangiz. Umuman olganda kompaniyada o’rtacha ish haqi qancha? Nima uchun kompaniya bo’sh ish o’rinlarini joylashtirishda ish haqi to’g'risidagi ma'lumotni ko‘rsatmaydi?
Korporativ boshqaruvning ilg'or tajribalariga muvofiq, Mobiuz xodimlarining ish haqi to’g'risidagi ma'lumotlar sir saqlanadi. Kompaniyada operator faoliyatining turli yo‘nalishlari uchun javob beradigan ko’plab bo’limlar mavjud. Xodimlar o’zlarining maoshlarini, shuningdek, o’zlariga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishlari uchun mukofot pullarini oladilar. Bu korporativ ruhni saqlab qolish va kompaniya oldida turgan maqsadlarga samarali erishish imkonini beradi.
Shu bilan birga, bo’sh ish o’rinlari va ish haqi to’g'risidagi ma'lumotlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tegishli web-saytiga respublikaning barcha korxona va tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari qatorida joylashtirilgan.
97) Sizlarda yosh kadrlar uchun amaliyot va qo’llab-quvvatlash dasturlari bormi?
Biz yosh va istiqbolli mutaxassislarni tanlash, ularni tayyorlash, malakasini yanada oshirish, bilim va ko’nikmalarni berishdan manfaatdormiz. Kompaniyamiz doimiy ravishda telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan etakchi ta'lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Masalan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi INHA universiteti talabalari, o’qitish sohasi telekommunikatsiya bilan bevosita bog'liq bo’lgan kollej va litsey o’quvchilari har yili amaliyot o’tashadi. Shu bilan birga, biz boshqa profil yo’nalishidagi o’quv yurtlari talabalari va talabalarini ham ko’rib chiqishga tayyormiz. Buning uchun ular o’zlarining ta'lim muassasalari rasmiy xati bilan Kompaniyaga murojaat qilishlari va ixtisoslariga mos yo’nalish bo’yicha amaliyot o’tashlari mumkin.
Shuni ta'kidlash kerakki, har bir talaba tanlovda ishtirok etadi va faqat tanlov sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tganidan so’ng, kompaniyada amaliyot o’tashga taklif qilinishi mumkin. Kelgusida amaliyotni muvaffaqiyatli tugatgan, o’z kasbiy mahoratini va rivojlanishga qiziqishini ko’rsatgan talabalar umumiy asosda tanlovdan o’tganidan keyin Kompaniyaga ishga joylashishlari mumkin.
98) Men maktabda tarix fani o’qituvchisiman, lekin mobil aloqa sohasiga anchadan beri qiziqaman. Men sizning kompaniyangizda ishlashni orzu qilaman. Buni qanday amalga oshirish mumkin?
Mobiuz o’z mutaxassisligi bo’yicha mukammal bilim va ko’nikmalarga ega, natijaga erishishga intilgan, jamoada samarali ishlashga qodir, tashabbus ko’rsatishdan qo’rqmaydigan mutaxassislarni yollashga intiladi.
Bo‘sh ish o’rinlariga nomzodlarni saralash tanlov asosida amalga oshiriladi. Nomzod tanlovdan qoniqarli tarzda o’tgan taqdirda, u bilan mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin.
Tanlovda qatnashish uchun eng avvalo www.mobi.uz web-saytining "Bo’sh ish o’rinlari" bo’limiga kirib, mos keladigan bo’sh ish o’rnini tanlash, shu yerning o’zida anketani to’ldirish yoki rezyumeni rabota@mobi.uz elektron manziliga yuborishdan boshlanadi.
99-100) Talabalar call-markazga ishga joylasha oladimi? Call-markazga ishga kirish uchun qanday talablar bor?
Mobiuz call-markaziga o’qish va ishni teng maromda olib bora oladigan oliy o’quv yurtlari talabalari jalb qilinadi. Shuni ta'kidlash kerakki, ishga joylashgandan so’ng barcha operatorlar bir necha hafta davomida dastlabki tayyorgarlikdan o’tadilar.
Umuman olganda, kompaniyaning call-markazida ishlash uchun talablar minimal darajada: abonentlarga to’g'ri xizmat ko’rsata olish kerak, to’g‘ri nutq, kompyuter va ofis dasturlari bilan ishlash ko’nikmalari bo’lishi zarur, o’zbek va rus tillarini bilish talab etiladi. Kompaniyaning call-markazidagi mavjud bo’sh ish o’rinlari bilan tanishish va rezyumeingizni yuborish uchun quyidagi havola orqali o’ring: https://company.mobi.uzuz/vacancy/sales_servise_section/11555/.