Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yangi tezlik: Mobiuz tarmoqlarni texnik modernizatsiya qilishni davom ettirmoqda

Mobiuz mobil aloqa operatori mamlakatimizning g‘arbiy hududlarida 130 dan ortiq 4G LTE tayanch stansiyasini ishga tushirdi va internet tezligini oshirdi.

Internet tezligi bo‘yicha yetakchilik

2025-yilda Mobiuz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida mobil internet tezligi va aloqa tarmoqlarining barqarorligi bo‘yicha yetakchi deb tan olingandi. Bu ushbu hududlarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli texnik modernizatsiyaning natijasi bo‘ldi.

Bu yil ham Mobiuz ushbu yo‘nalishdagi investitsiya loyihalarini davom ettirmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida Qoraqalpog‘iston va Xorazmning shahar va tumanlarida 130 dan ortiq yangi 4G LTE tayanch stansiyasi ishga tushirildi.

O‘tkazuvchanlik qobiliyati 50 foizga oshdi

Ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri radiochastotalarni refarming qilish, ya’ni qayta taqsimlash bo‘ldi. Hozirgi paytda dunyo operatorlari eskirgan GSM (2G) standartidan bosqichma-bosqich voz kechmoqda. Ular chastota resursini zamonaviyroq texnologiyalarga bo‘shatib bermoqda. Mobiuz ham xuddi shu yo‘nalishda harakat qilmoqda. Bu yil O‘zbekistonning g‘arbiy hududlarida qisman GSM’ga xizmat qilib kelgan 1800 MGs chastota resursi 4G LTE’ga o‘tkazildi.

Natija hozirdan sezilarli bo‘lmoqda. Aynan 1800 MGs diapazonida o‘tkazuvchanlik qobiliyati Xorazm viloyatida 42 foizga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 50 foizga oshdi. Shu bilan birga radioresurslarga tushgan yuklama kamaydi, xizmat ko‘rsatilayotgan trafik hajmi esa barqaror qoldi. Abonentlar xuddi shu chastotada ancha yuqori tezlikka ega bo‘ldi.

Energiya barqarorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ikki hududda 90 dan ortiq yangi zaxira quvvat akkumulyatori o‘rnatildi, yana 20 dan ortig‘i – amaldagi asosiy bog‘lab turuvchi tayanch stansiyalarga o‘rnatildi. Bu elektr ta’minoti uzilgan taqdirda ham, hatto bir necha soat davomida tarmoqlarning barqaror ishlashini ta’minlashga yordam beradi.

Internetdan foydalanish hajmi ortmoqda

Amalga oshirilgan barcha ishlar, shuningdek Mobiuz tariflari va xizmatlari imkoniyatlarining kengayishi tufayli abonentlar mobil internetdan ko‘proq foydalana boshladi. O‘tgan yil oxiriga nisbatan bu ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida 17 foizga, Xorazm viloyatida esa 10 foizga oshdi.

Bu shuni anglatadiki, ikki hududdagi abonentlar yarim yil oldingiga nisbatan ancha ko‘p mobil internetdan foydalanmoqda: ko‘proq video tomosha qilishmoqda va yuklab olishmoqda, tez-tez video-qo‘ng‘iroq qilishmoqda, onlayn resurslarning barcha imkoniyatlaridan foydalanishmoqda.

Mobiuz tarmoqlarini O‘zbekiston bo‘ylab texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish loyihalari davom etmoqda. Avvalroq kompaniya Farg‘ona vodiysida olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot bergan edi.

Ro'yxatga qaytish