O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ICT Week Uzbekistan 2024’ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Mobiuz mobil operatori vakillari ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va boshqa so‘zga chiqqanlar haftalikning rejalashtirilgan tadbirlari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdilar.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi – ICT Week – O‘zbekistonda 2004-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan axborot texnologiyalari sohasidagi yirik va muhim tadbirdir.
ICT Week’ning asosiy maqsadi tajriba almashish va zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar yutuqlarini namoyish etish uchun platforma yaratishdan iborat. Shuningdek, bu davlat, kompaniyalar va iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik uchun muhim hamda O‘zbekiston IT-bozorining jozibadorligini xorijiy investorlarga namoyish etish uchun ideal platformadir.
Joriy yilda ixtisoslashtirilgan tadbirlar yagona formatga birlashtirilgan. AKT haftaligi startaplar, autsorsing va investitsiyalar uchun eng yirik platforma, venchur dasturlari, BPO, elektron tijorat, sun’iy intellekt, IT-yechimlar yetkazib beruvchilar, raqamlashtirish va davlat xizmatlari, IT-investitsiya imkoniyatlari, davlat-xususiy sheriklik, IT-ta’lim, AKT sohasida biznes hamkorlikni mustahkamlash va boshqa mavzularda 20 ga yaqin yirik forum va sammitlarni o‘z ichiga oladi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari, shuningdek, AKT haftaligi tashkilotchisi - "IT ta’lim assotsiatsiyasi" NNT tomonidan batafsil javoblar berildi.