Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz yashil tashabbuslarni amalga oshirish doirasida quyosh energiyasidan faol foydalanmoqda

Mobiuz mobil operatori ofislarini avtonom va ekologik toza energiya bilan ta’minlash uchun quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kirib kelayotgan 2025 yil O‘zbekistonda Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili, deb e’lon qilindi. Bu "Yashil makon" umummilliy tashabbusi va boshqa ko‘plab loyihalar bilan bir qatorda BMTning global Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish doirasida ekologik tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi muhim qadamdir.

Mobiuz kompaniyasi barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi yutuqlarini faxr bilan taqdim etmoqda. Hususan, 2023 yilda mobil aloqa operatori o‘z faoliyatiga muqobil energiya manbalarini faol joriy etish bo‘yicha loyihalarni boshladi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy viloyatida, keyinchalik boshqa hududlarda kompaniya xizmat ko‘rsatish markazlarining ma’muriy binolarida quyosh fotoelektr stansiyalari (FES) ishga tushirila boshlandi. Ushbu qurilmalar ofislarni avtonom va ekologik toza energiya bilan ta’minlashni boshladi, bu esa kompaniya infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga muhim hissa qo‘shmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonning sakkizta hududida Mobiuzning to‘qqizta Xizmat ko‘rsatish markazi binolari quyosh energiyasi bilan ta’minlanmoqda. FESlarning umumiy quvvati 205 kVtni tashkil etib, ular tomonidan 2024 yilning 11 oyida ishlab chiqarilgan energiya hajmi 230 ming kVt/soatdan oshdi.

Bunday miqdordagi energiyani benzinli generatorda ishlab chiqarish uchun taxminan 114 ming litr benzin kerak bo‘lar edi. Mobiuz fotoelektr stansiyalari ishlab chiqqan tokni ko‘mir yoqish orqali ishlab chiqarish bilan qiyoslaganda, ular 189 tonna CO₂ ni atmosferaga chiqishini oldini oldi. Bu ko‘rsatkich 9 000 ta daraxt ekishga teng.

Shu bilan birga, kompaniyaning Toshkent shahridagi Markaziy ofisi binosida FESni foydalanishga topshirish ishlari yakunlanmoqda. Quvvati 100 kVt bo‘lgan qurilmalar amalda foydalanishga tayyor. 2025-yilda Markaziy ofis elektr energiyasini sezilarli darajada tejashga o‘tadi, shuningdek (hududiy ofislar kabi) barcha sohalar uchun hayotiy muhim bo‘lgan energiya manbaining ma’lum hajmlarini davlatga yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xorazm va Toshkent viloyatlarida kompaniyaning ma’muriy binolarida FES o‘rnatish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlandi. 2025-yil va keyingi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan boshqa loyihalar ham talaygina.

Quyosh qurilmalari mamlakatimiz bo‘yicha filiallarimizga tashqi omillardan qat’i nazar, barqaror va samarali ishlash imkonini beradi. Ushbu yechim ofis xodimlari va tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoitlarni ta’minlaydi, shuningdek, bizning ekologik tamoyillarga sodiqligimizni namoyish etadi.

Eng muhimi, quyosh qurilmalari tufayli Mobiuz har yili ma’muriy binolar uchun elektr energiyasi iste’molidan millionlab so‘m tejaydi. Bu mablag‘lar yangi texnologiyalarni rivojlantirish va infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilmoqda.

Mobiuz kompaniyasi O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi bilan faxrlanadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yilida biz barcha uchun yanada ekologik va barqaror kelajakni barpo etib, oldinga dadil boramiz!

Ro'yxatga qaytish