Mobiuz mobil aloqa operatorining markaziy ofisida O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Mobiuz mobil operatorining mamlakatimizda sport harakatini yanada rivojlantirish va "Olympic Mobiuz" futbol klubini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi.
O‘tgan yilning mart oyida tashkil etilgan "Olympic Mobiuz" O‘zbekiston Proligasida muvaffaqiyatli debyut qildi. Klubning asosini 2005-2007-yillarda tug‘ilgan futbolchilar tashkil etib, ular 2028-yilda Los-Anjelesda (AQSH) bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga maqsadli tayyorgarlik ko‘rmoqdalar. Jamoaning bosh murabbiyi Farhod Nishonov bo‘lib, u ayni paytda O‘zbekiston U-20 terma jamoasiga ham rahbarlik qilmoqda.
O‘tgan yil davomida U-20 yoshlar terma jamoasi sezilarli yutuqlarga erishgani ta’kidlandi. Osiyo kubogi saralash bosqichi doirasida jamoa Kambodja (7:0), Nepal (6:0), Tayvan (3:1) va Bahrayn (5:0) jamoalarini mag‘lub etdi hamda muddatidan oldin Osiyo kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga erishdi.
.png)
Hozirda "Olympic Mobiuz" ning 12 nafar sportchisidan tashkil topgan U-20 jamoasi Xitoyda bo‘lib, Kubok musobaqalariga oxirgi tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.
Muzokaralar davomida samarali natijalarga erishish maqsadida Mobiuzning O‘FA va "Olympic Mobiuz" bilan kelajakdagi hamkorligini mustaxkamlash masalalari muhokama qilindi.
Mobiuz kompaniyasi vakillari milliy futbolni qo‘llab-quvvatlash va "Olympic Mobiuz"ni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi tashabbuslarga yanada ko‘proq yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.