Joriy yilning 21-23-may kunlari Toshkent shahrida telekommunikatsiya sohasiga oid muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda. GSM-operatorlari assotsiatsiyasi (GSMA)ning "M360 Eurasia 2025" xalqaro konferensiyasi va Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik tadbirlariga aynan O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.
Mobiuz mobil operatori GSMA’ning to‘laqonli a’zosi bo‘lib, assotsiatsiya faoliyati va tashabbuslarida faol ishtirok etmoqda. Joriy anjuman ham bundan mustasno emas. U O‘zbekistonning raqamli ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, strategik muammolarni muhokama qilish va yangi yo‘nalishlarni izlash uchun maydon vazifasini bajarmoqda.
GSMA tomonidan O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va hamkorlar ko‘magida tashkil etilgan M360 Eurasia 2025 konferensiyasi 700 dan ortiq ishtirokchini – tartibga soluvchi organlardan tortib operatorlar rahbarlari va innovatsion yechimlar ishlab chiqaruvchilarigacha jamladi. Forum mavzulari raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, 5G texnologiyasini joriy etish, mintaqaning investitsion jozibadorligini shakllantirish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Mobiuz vakillari "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi va telekommunikatsiya sohasini erkinlashtirish kabi asosiy milliy tashabbuslarga alohida e’tibor qaratishdi, shuningdek, tarmoqni modernizatsiya qilish va raqamli xizmatlarni rivojlantirish borasidagi yutuqlar haqida so‘zlashdi. Infratuzilmani kengaytirish, 5G texnologiyasini joriy etish hamda mobil moliyaviy xizmatlar va OTT platformalari kabi yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish rejalari muhokama qilindi. Islohotlarni jadallashtirish va aloqa sifatini oshirish uchun xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik yig‘ilishida ishtirok etish Mobiuzga qo‘shni mamlakatlar vakillari bilan tajriba almashish, standartlashtirish, infratuzilmadan birgalikda foydalanish va raqamli tarmoqlar xavfsizligini ta’minlash masalalarini muhokama qilish imkonini berdi. Mintaqa operatorlari o‘rtasidagi bunday hamkorlik barqarorlikni mustahkamlash, qamrovni kengaytirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni tezlashtirishga qaratilgan.
Mobiuz jamoasi xalqaro maydonlar formatini yuqori baholaydi, chunki ular tezkor muloqot, tajriba almashish va hamkorlik o‘rnatish uchun imkoniyat yaratadi. Bunday tadbirlarda ishtirok etish Mobiuz’ning innovatsiyalar orqali kelajakka intilish, insonlarni bog‘lash falsafasini aks ettiradi. Shubhasiz, soha yetakchilarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari O‘zbekiston va mintaqada raqamli taraqqiyotni jadallashtirish garovidir.