Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi vazir Sherzod Shermatov rahbarligida Xitoyda bo‘lib turibdi. Yuqori darajadagi biznes forumlar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlarda Mobiuz mobil operatori rahbariyati ham ishtirok etmoqda.
Jumladan, Osiyo infratuzilma va investitsiyalar banki (OIIB) vakillari bilan ishbilarmonlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar markazida O‘zbekistonda telekommunikatsiya infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan yirik loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha strategik hamkorlik istiqbollari turdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Raqamli iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari, soliq imtiyozlari, yosh mutaxassislar uchun yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratishga mo‘ljallangan davlat dasturlari haqida ma’lumot berildi. Mamlakatning turli hududlarida raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri 5G tarmog‘ini rivojlantirish, mavjud tayanch stansiyalarini modernizatsiya qilish, yangi ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish va barqaror raqamli ekotizimni yaratish rejalari bo‘ldi.
Bank vakillari O‘zbekistonda ushbu sohani rivojlantirish salohiyatini yuqori baholab, kelgusidagi hamkorlikka qiziqish bildirdilar.
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik Mobiuz uchun yangi imkoniyatlarni ochadi va butun mamlakat bo‘ylab millionlab abonentlarga amaliy foyda keltiradigan strategik loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.