O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida Mobiuz mobil operatori vakillari telekommunikatsiya sohasidagi asosiy hamkorlari va jahon yetakchilari - Huawei hamda ZTE kompaniyalari bilan bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistonda Mobiuz tarmog‘ini yanada kengaytirish va texnologik rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Huawei va ZTE ko‘rgazma zonalariga tashrif chog‘ida Mobiuz vakillari 5G, aqlli tarmoq, energiya samaradorligi va barqaror raqamli infratuzilma sohasidagi eng so‘nggi yechimlar bilan tanishdilar. O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos ehtiyojlarini inobatga olgan holda yangi texnologiyalarni joriy etish va mavjud tarmoqlarni takomillashtirish rejalari muhokama qilindi.
Bunday global texnologik yetakchilar bilan hamkorlik allaqachon sezilarli natijalarga olib keldi: Mobiuz butun mamlakatimiz bo’ylb birinchi bo‘lib VoLTE, ViLTE va VoWiFi texnologiyalarini joriy etib, o‘z abonentlariga yanada sifatli va barqaror ovozli aloqani ta’minladi. Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston va Xorazmda tarmoqni to‘liq modernizatsiya qilish va qamrovni kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli SWAP loyihasi faol amalga oshirilmoqda.
Imzolangan memorandumlar Mobiuz’ning raqamli transformatsiyasi va texnologik barqarorligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, shuningdek, innovatsion va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishni tasdiqlaydi. Bu nafaqat zamonaviyroq aloqa sari qo‘yilgan qadam, balki texnologiyalar insonlarga xizmat qiladigan, ularning kundalik hayotini sifat jihatidan yaxshilaydigan kelajakka qo‘shilgan hissadir.
Kompaniya hudud yoki so‘rov ko‘lamidan qat’i nazar, har bir abonentga yaqinroq bo‘lishga intilib, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda davom etadi. Oldinda yangi loyihalar, yangi yechimlar va O‘zbekistonning raqamli davriga ishonch bilan qadam qo‘yish turibdi.