Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz pozitsiyasi: xarid jarayoni qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirildi

2026-yil 10-mart kuni “Besh tiyin” Telegram-kanalida Mobiuz mobil aloqa operatori Telegram-kanallarda reklama materiallarini joylashtirish bo‘yicha eng yaxshi takliflarni tanlash (keyingi o‘rinlarda - Tanlash) natijalari yuzasidan post qo‘yildi.

Biz aholining davlat xaridlari shaffofligiga bo‘lgan qiziqishini ijobiy belgi deb baholaymiz va ko‘tarilgan har bir masala bo‘yicha tushuntirish berishga tayyormiz.

1. Qonunchilik eng past narx usulidan foydalanishga to‘g‘ridan to‘g‘ri ruxsat beradi.

O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 684-son Qonunining 32-moddasiga muvofiq, davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadigan davlat xaridi shartlari ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlarini, ularning nisbiy ahamiyatini hamda baholash mezonlarini qo‘llash tartibini o‘z ichiga olishi lozim.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 68-, 71- va 96-bandlariga muvofiq, Davlat buyurtmachisi ishtirokchilarning tanlash takliflarini baholash usulini (eng past narx usulini yoki ball usulini) va mezonlarini ishlab chiqadi. Eng past narx usulidan foydalanganda ishtirokchining tanlash taklifi bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida belgilangan talablarga mos kelishi yoki mos kelmasligini aniqlovchi mezonlar belgilanishi mumkin.

Ya’ni “narx vaznini 100% qilib belgilash” qonunchilikka zid emas. Bu holatda buyurtmachi asosan mablag‘larni tejashdan manfaatdor bo‘lgan va standart ko‘rsatkichlarga ega tovar, ish yoki xizmatlarni xarid qilishda qonun doirasidagi usuldan foydalanadi. Bunday yondashuv O‘zbekiston Respublikasining 684-son Qonunining 8-moddasida nazarda tutilgan moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamliligi va samaradorligi prinsiplariga to‘liq mos keladi.

2. Texnik mezon - bu kog‘ozbozlik  emas, balki haqiqiy filtridir.

Nashr tomonidan texnik talablarni “kog‘ozbozlik” deb atalishi va kafolat xatiga e’tiborsizlik bilan qarash – talabning asosiy maqsadini, ya’ni sifati va standartga muvofiqligini hisobga olmaganligini anglatadi.

Ushbu kafolat xati matni yuridik ahamiyatga ega hujjat bo‘lib, unda ishtirokchi quyidagilarni tasdiqlaydi:

- belgilangan Telegram-kanallar egalari bilan kelishuvlarning mavjudligi;

- e’lon qilish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish imkoniyati;

- shartnoma shartlarini bajarmaganlik uchun mas’uliyatni qabul qilish.

Mazkur talab Telegram-kanallarga kirish imkoniyati bo‘lmagan ishtirokchilarni saralaydi. Masalan, 8 ta ishtirokchilardan faqat 6 tasi texnik bosqichdan o‘tdi, ya’ni filtr samarali ishladi va 2 nafar ishtirokchi bunda majburiy etib belgilangan mezonga mos kelmaganligi uchun chetlashtirildi.

3. G‘olibning sohaviy profili: qonun sohaviy ixtisoslikni talab qilmaydi.

“Qurilish kompaniyasi media xaridlari bo‘yicha tanlovda qanday g‘alaba qozonishi mumkin?” degan savol ritorik jihatdan aniq, ammo yuridik jihatdan noto‘g‘ri.

O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari” to‘g‘risidagi Qonunining 8-moddasiga asosan Tadbirkorlik faoliyati subyektlariga  qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatnii amalga oshirish  huquqi berilgan.

684-son Qonunning 10-moddasiga ko‘ra Davlat xaridlarining xolisligi:

- xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni ta’minlashga;

- davlat xaridlari subyektlari o‘rtasida raqobatni va ularga nisbatan beg‘arazlikni ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligi ishtirokchining faoliyati turi muayyan xarid predmetiga to‘g‘ri kelishi haqida mustaqil talab qo‘ymaydi. Bunga ko‘ra ishtirokchi quyidagilarni ta’minlashi shart:

- xarid hujjatlarida belgilangan malaka va texnik talablardan o‘tish.

- shartnomani bajarish imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish.

“EF PRO BUILD” MCHJ, ustavga muvofiq, faoliyat turlari ro‘yxatida reklama joylashtirishni amalga oshirish huquqiga ega.  Bu tanlov mavzusiga to‘g‘ridan to‘g‘ri mos keladi: kompaniya texnik bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib, kafolat xatini taqdim qildi va ruxsat etilgan ishtirokchilar orasida eng past narxni taklif qildi.

684-son Qonunining 34-moddasiga ko‘ra, xarid hujjatlariga ishtirokchiga nisbatan oshirib yuborilgan talablar, shu jumladan davlat xaridlarining asosiy prinsiplariga zid bo‘lgan malaka talablarini kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Boshqacha aytganda, ishtirokchidan reklama uning asosiy faoliyat turi bo‘lishi talabini qo‘yish yoki bir nechta faoliyat yo‘nalishiga ega kompaniyalarni chiqarib tashlash raqobat tamoyilini (O‘684-son Qonun, 10-modda) va mutanosiblik tamoyilini (684-son Qonun, 11-modda) to‘g‘ridan to‘g‘ri buzish bo‘lar edi.

4. Hamkorlik bo‘yicha avvalgi muvaffaqiyatli tajriba — tanlov foydasiga qo‘shimcha dalil.

Nashrda “EF PRO BUILD” MCHJ kompaniyasi bir necha bor Mobiuzning pudratchisi sifatida qayd etilgani ta’kidlanadi. Biz bu holatni shubha uchun asos sifatida emas, balki ijrochining ishonchliligi va tajribasini tasdiqlovchi omil sifatida baholaymiz.

2024-yilda ham kompaniya Mobiuz uchun Telegram kanallarida materiallar joylashtirish ishlarini amalga oshirgan va ushbu vazifani muvaffaqiyatli bajargan. Bu quyidagilarni tasdiqlaydi:

- majburiyatlarni bajarish uchun real imkoniyat mavjudligini;

- kompaniyaning aynan shu yo‘nalishdagi ishbilarmonlik obro‘sini;

- xizmat ko‘rsatishda uzilishlar xavfi yo‘qligini.

Barcha raqobat tartib-taomillariga rioya qilgan— davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikning birorta ham me’yoriga zid kelmaydigan, umum e’tirof etilgan ishbilarmonlik amaliyotidir.

Ma’lumot uchun: har yili Mobiuz o‘nlab eng yaxshi takliflarni tanlash jarayonlarini o‘tkazadi va turli yetkazib beruvchi kompaniyalar g‘olib bo‘ladi.

5. Davlat xaridlarining maqsadi amalga oshirildi

684-son Qonunning 8-moddasiga muvofiq, davlat xaridlari narx, sifat va natijaning maqbul nisbatini ta’minlashi kerak.

Ushbu jarayonda eng past narx taklif qilgan kompaniya g‘olib bo‘lgan.

Bu shuni anglatadiki, xarid raqobatbardosh, shaffof va mablag‘lardan maksimal darajada samarali foydalangan holda amalga oshirildi. Davlat xaridlari tizimining maqsadi ham aynan shundan iborat.

Ro'yxatga qaytish