Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti va Mobiuz aloqa operatori raqamli texnologiyalardan foydalangan holda aholi xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Bu mamlakatimizdagi telekommunikatsiya kompaniyasi va O‘zbekiston ichki ishlar organlari o‘rtasidagi muhim rasmiy sherikliklardan biridir.
Qo‘riqlash departamenti - butun O‘zbekiston bo‘ylab uylar, xonadonlar, xizmat ko‘rsatish obyektlari, maktablar va o‘ta muhim, toifalangan obyektlarni ishonchli himoyasini ta’minlaydi. Xizmat “Sifat, ishonch, xavfsizlik” tamoyili asosida ish yuritadi va zamonaviy texnologiyalar yordamida favqulotda chaqiruvlarga tezkor javob qaytaradi, hududlarda patrullik qiladi va jamoat joylarida tartib saqlashga ko‘maklashadi.
Mobiuz - butun mamlakat bo‘ylab 8,3 milliondan ortiq abonent foydalanadigan mobil aloqa operatori. Texnologiya va infratuzilmani birlashtirgan holda, tomonlar smartfon va uyali aloqa tarmoqlari orqali oddiy, tez va qulay qo‘riqlash xizmatlarni yaratmoqda.
Sheriklik quyidagi imkoniyatlarni beradi:
• favqulotda chaqiruvlarga javob qaytarish vaqtini yanada qisqartirish;
• qo‘riqlash xizmatini har bir oila va istalgan biznes uchun ommabop qilish;
• fuqaroning raqamli murojaatini qo‘riqlash xodimlarining amaliy harakatlari bilan bog‘lash.
“Memorandumning imzolanishi - davlat va texnologik biznes o‘rtasida tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi muhim qadamdir. Qo‘riqlash departamenti tezkorlikni oshirish, fuqarolarning huquq-tartibot idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda mol-mulk daxlsizligini ta’minlash uchun zamonaviy raqamli vositalardan foydalanishdan manfaatdor”, — deya ta’kidladi Qo‘riqlash departamenti boshqarma boshlig‘i Akmal Kadirov.
“Xavfsizlik - bu davlat, biznes va har bir insonning umumiy vazifasi ekaniga aminmiz. Qo‘riqlash departamenti bilan imzolangan memorandum shunchaki niyatlar bayonoti emas, balki texnologiyalarimizning odamlar va ularning mol-mulkini himoya qilish yo‘lida samarali ishlashini ta’minlaydigan amaliy vositadir”, - deya e’tirof etdi Mobiuz’ning Muhim mijozlar bilan ishlash departamenti direktori Andrey Say.
Tomonlar amkorlikdagi ishlarni allaqachon boshlab yuborgan va tez orada aholi uchun talabgir va foydali xizmatlarni ishga tushiradi.
