Mobiuz mobil aloqa operatorining Bosh ofisida Nokia xalqaro texnologiya korporatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ishchan va konstruktiv muhitda kechdi. Mobiuz rahbariyati va Nokia vakillari telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi qarashlarini solishtirib, kompaniyalar hamkorligi operator abonentlari uchun eng ko‘p foyda keltirishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Ishtirokchilar tarmoqni modernizatsiya qilish, uning ishonchliligini oshirish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Nokia tarmoq infratuzilmasi sohasida jahon yetakchilaridan biri bo‘lib, uning yangi avlod mobil tarmoqlarini rivojlantirishdagi tajribasi Mobiuz uchun amaliy qiziqish uyg‘otadi. Nokia’ning ilg‘or yechimlari operatorlarga tarmoqni yanada intellektual va energiya tejamkor qilishga yordam beradi: u yuklamaga o‘zi moslashadi, resurslarni tejamkorroq sarflaydi hamda abonentlarni hatto tig‘iz vaqtlarda ham barqaror aloqa sifati bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, tomonlar uzoq muddatli texnologik hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Bu yerda gap uskunalarni bir martalik yetkazib berish haqida emas, balki Mobiuz infratuzilmani rivojlantirish va yangi xizmatlarni ishga tushirishda Nokia’ning jahon tajribasiga tayanishi mumkin bo‘lgan strategik sheriklik xususida bormoqda. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, kompaniyalar muloqotni davom ettirishga va belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni ishlab chiqishga kelishib oldi.
Kompaniyalar haqida
Mobiuz — O‘zbekistonning yetakchi mobil operatorlaridan biri. 2026-yil iyun oyida Mobiuz’ni xalqaro xususiylashtirishda JVR Capital Group ishtirokida McKim and Company (AQSH) boshchiligidagi moliyaviy investorlar konsorsiumi g‘olib deb topildi. Bugungi kunda operator zamonaviy raqamli xizmatlarga, infratuzilmani rivojlantirishga va jahon texnologiya yetakchilari bilan sheriklikka urg‘u bermoqda.
Nokia — shtab-kvartirasi Espoo shahrida (Finlyandiya) joylashgan xalqaro korporatsiya, tarmoq infratuzilmasi sohasidagi jahon yetakchilaridan biri. 1865-yilda tashkil etilgan kompaniya bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab aloqa operatorlarining statsionar, mobil va transport tarmoqlarini texnologiyalar bilan ta’minlaydi hamda sun’iy intellekt davri uchun yechimlarni faol rivojlantirmoqda. Uning tarmoq trafigini tahlil qilish va optimallashtirish bo‘yicha ishlanmalari sohada eng xaridorgir yechimlar sirasiga kiradi.
