Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz va Cisco memorandum ijrosiga kirishmoqda

Mobiuz mobil aloqa operatorining Markaziy ofisida kompaniya rahbariyati va Cisco xalqaro texnologiya korporatsiyasining MDH bo‘yicha mintaqaviy direktori Ramil Eyubov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu safar tomonlar Londonda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning amaliy ijrosi bo‘yicha qadamlarni muhokama qildi.

Mobiuz va Cisco ushbu memorandumni may oyida mintaqaning eng yirik texnologik forumlaridan biri – Cisco Connect 2026 UK & Ireland anjumanida imzolagan edi. Hujjat hamkorlikning tarmoq infratuzilmasiga sun’iy idrokni joriy etish, tarmoq boshqaruvini avtomatlashtirish, kibexavfsizlikni rivojlantirish va multi-bulutli muhitlarni barpo etish kabi strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi. Mohiyatan, bu bir yo‘l xaritasi edi va endi kompaniyalar unga asoslanib dastlabki yo‘nalishlarini belgilab olmoqda.

Toshkentdagi uchrashuv kelishuvlarni aniq loyihalar bosqichiga o‘tkazishga bag‘ishlandi. Tomonlar memorandumning har bir yo‘nalishi – sun’iy intellekt yechimlarini tajriba tariqasida joriy etishdan tortib, abonent ma’lumotlari himoyasini kuchaytirish dasturlarigacha bo‘lgan ustuvor vazifalar, muddatlar va mas’uliyat doiralarini muhokama qildi. Suhbat niyatlar haqida emas, balki operator tarmog‘ida nima va qachon ishga tushishi to‘g‘risida aniq va amaliy tarzda kechdi.

Ishtirokchilar kadrlar malakasini oshirish masalasiga alohida to‘xtaldi. Mobiuz va Cisco yanvar oyidagi uchrashuvdayoq Cisco‘ning xalqaro sertifikatlash resurslaridan foydalangan holda operatorning yosh mutaxassislari uchun ta’lim va kasbiy o‘sish dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan edi. Hozirda ushbu tashabbus amaliyotga tatbiq etilmoqda va Mobiuz xodimlari ilg‘or texnologiyalarni bevosita sohaning jahon yetakchisidan bosqichma-bosqich o‘zlashtirib bormoqda.

Muzokaralar yakunida tomonlar ishlarni tig‘iz jadval asosida davom ettirishga va hamkorlikning ilk amaliy natijalariga tezroq erishish uchun birgalikda harakat qilishga kelishib oldi.

Ro'yxatga qaytish