Mobiuz mobil aloqa operatori Markaziy ofisida kompaniya rahbariyati Cisco xalqaro texnologiya korporatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi. Delegatsiyaga MDH bo‘yicha mintaqaviy direktor Ramil Ayubov boshchilik qildi.
Mobiuz va Cisco kompaniyalari telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini saqlab kelmoqda. Uchrashuvda ko‘p yillik texnologik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama etildi.
Asosiy mavzulardan biri sun’iy intellekt texnologiyalari asosida innovatsion xizmatlarni joriy etish bo‘ldi. Tomonlar AI yechimlarini qo‘llash orqali abonentlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va mobil aloqa foydalanuvchilari uchun shaxsiylashtirilgan xizmatlarni yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Kiberxavfsizlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Raqamli tahdidlar ortib borayotgan sharoitda, kompaniyalar foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilishning ilg‘or tizimlarini keng qo‘llash va Cisco yechimlaridan foydalangan holda telekommunikatsiya infratuzilmasining axborot xavfsizligini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvning yana bir muhim mavzusi inson kapitalini rivojlantirish bo‘ldi. Kompaniya rahbarlari Mobiuz’ning iqtidorli yosh mutaxassislarini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha keng qamrovli dasturlarni ishga tushirishga kelishib oldilar. Telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun Cisco‘ning ta’lim resurslari va xalqaro sertifikatlash dasturlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan tashabbuslarni tezkor amalga oshirish maqsadida barcha darajalarda muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
