"Kusherbayevga murojaat" Telegram-kanalida hamda Vzglyad.uz veb-saytida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaroning Mobiuz mobil operatorining qurilayotgan tayanch stansiyasi bo‘yicha murojaati e’lon qilindi. Ushbu murojaatga javoban kompaniya quyidagilarni ma’lum qiladi.
Yangi tayanch stansiyalarining qurilishi har qanday uyali aloqa operatori faoliyatining asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, Mobiuz bundan mustasno emas. "O‘zbekiston - 2030" strategiyasiga muvofiq, davlatimiz rahbari tomonidan raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, jumladan, barcha aholi punktlarini internet bilan to‘liq qamrab olish va uning tezligini 10 barobarga oshirish orqali mamlakatni mintaqaviy "IT-HUB"ga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Yangi tayanch stansiyalari mobil aloqa sifatini sezilarli darajada yaxshilash, yanada barqaror ulanish va yuqori ma’lumot uzatish tezligini ta’minlash imkonini beradi. Bu, ayniqsa, mobil xizmatlarga bo‘lgan talabning o‘sishi va internet-trafik hajmining ko‘payishi sharoitida muhimdir. Bu, shuningdek, raqamli to‘siqlarni bartaraf etishga yordam beradi va aholiga zamonaviy telekommunikatsiya vositalaridan foydalanish imkoniyatini ochadi.
Tayanch stansiyalari nafaqat ovozli aloqani, balki ijtimoiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, axborot almashish, biznes operatsiyalarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydigan ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va boshqa platformalarga kirishni ham ta’minlaydi.
Mobiuz o‘z mijozlariga yuqori sifatli aloqa va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni ta’minlashga intiladi. Yangi tayanch stansiyalarining qurilishi bu maqsadga erishish yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz abonentlarimizning ehtiyojlarini qondirish va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash uchun tarmog‘imizni kengaytirish va yaxshilash ustida ishlayapmiz.
Toshkent viloyatida ham bu boradagi ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2023-yilda viloyatda 101 ta yangi tayanch stansiya muvaffaqiyatli ishga tushirildi, 83 ta mavjud tayanch stansiyalari modernizatsiya qilindi. Joriy yilda kompaniyaga 41 ta yangi tayanch stansiyasini ishga tushirish va 89 ta mavjud tayanch stansiyasini modernizatsiya qilish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, Yangiyo‘l tumani "Xalqobod" MFYda yangi tayanch stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan.
Barcha ishlar amaldagi qonunchilik va telekommunikatsiya uskunalarini qurish va ulardan foydalanishni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirildi. Xususan, mazkur hududda telekommunikatsiya vositalari va qurilmalarini joylashtirish uchun bir qator davlat organlari va boshqa tashkilotlar, - Qurilishda muhandislik qidiruvlari. geoaxborot, shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tekshirish instituti, "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ, ekspert tashkilotlaridan tegishli hujjatlar (ijobiy xulosa, ruxsatnoma va boshqa) olinib, kelishildi. Mobiuz O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi bilan obyektning aholi salomatligi uchun to‘liq xavfsizligini va uning SanPiNga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur kelishuvlarni amalga oshirdi.
Ushbu MFYdagi bir qator aholining xavotiri va faol fuqarolik pozitsiyasini tushungan holda, kompaniya vakillari tomonidan "O‘zkomnazorat" inspeksiyasi bilan birgalikda bir necha bor axborot-tushuntirish ishlari olib borildi. Shunga qaramasdan, fuqaro G.R. qo‘shni xonadon hududida antenna-machta qurilmasini o‘rnatish ishlari olib borilgan dastlabki kunlardanoq o‘zining o‘ta noroziligini bildira boshlagan.
Uning tuman va viloyat darajasidagi davlat organlariga bergan barcha shikoyatlari ushbu organlar tomonidan ko‘rib chiqilib, olib borilayotgan ishlarning qonuniyligi yuzasidan tegishli xulosalar berilgan.
Mobiuz mobil operatori muloqot uchun ochiqligini, kompaniya aholini sifatli va ishonchli mobil aloqa bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini malum qiladi.