2024-yilning 14-dekabr kuni Mobiuz mobil operatori vakillari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining (O‘FA) hisobot kongressida ishtirok etdilar.
Tadbirda O‘FA’ning joriy yildagi faoliyati sarhisob qilindi va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar muhokama etildi.
Kongress doirasida Mobiuz boshqa kompaniyalar qatorida alohida mukofotga sazovor bo‘ldi. Kompaniyaga "Samarali hamkorlik ramzi" emblemasi va O‘FA logotipi tushirilgan bayroq topshirildi. Ushbu e’tirof Mobiuz’ning O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga qo‘shgan hissasining muhim tasdig‘i bo‘ldi.
"Olympic Mobiuz" futbol klubining bosh homiysi sifatida Mobiuz mamlakatimizdagi sport va olimpiya harakatini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz o‘z ishlarimiz o‘zbek futbolining milliy va xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilayotganidan faxrlanamiz.
Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan "Olympic Mobiuz" jamoasi bu yil O‘zbekiston Pro-ligasida debyut qildi. U 2005-2007-yillarda tug‘ilgan futbolchilardan tashkil topgan. Jamoa safidagi futbolchilar 2028-yilda Los-Anjelesda (AQSH) o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish va musobaqalarga chiqishga tayyorlanmoqda.
"Biz O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga hamkorligimizni yuqori baholagani uchun minnatdormiz. Bu mukofot bizni hamkorligimizni yanada mustahkamlashga va sportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni amalga oshirishga ruhlantiradi," - deya ta’kidlashdi Mobiuz kompaniyasi vakillari.
Mobiuz futbolni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda sog‘lom turmush tarzi va sport qadriyatlarini ommalashtirish maqsadidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.