Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik

Mobiuz mobil aloqa operatorining markaziy ofisida telekommunikatsiya uskunalari va raqamli yechimlar sohasidagi jahon yetakchilaridan biri bo‘lgan ZTE korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga ZTEning katta vitse-prezidenti Chjan Szyanpen (Zhang Jianpeng) boshchilik qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasining bugungi ahvoli va rivojlanish istiqbollarini, shuningdek, Mobiuz va ZTE o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xususan, 5G tarmoqlarini rivojlantirish, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish va innovatsion raqamli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mobiuz vakillari kompaniyaning ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini uzluksiz ravishda yaxshilab borish va abonentlarning tobora ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun zamonaviy yechimlarni joriy etishga intilishini ta’kidladilar. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida zamonaviy uskunalar va ZTE texnologiyalaridan foydalangan holda Mobiuz tarmoqlarini keng ko‘lamli modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha buning yorqin misolidir.

O‘z navbatida, ZTE vakillari qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ilg‘or texnologiyalar va ekspert yordamini taqdim etishga tayyorliklarini bildirdilar.

Ushbu uchrashuv ikki kompaniya o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi hamda O‘zbekistonda raqamli transformatsiya va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish sohasida hamkorlikda ishlash uchun yangi ufqlarni ochdi.

Ro'yxatga qaytish