Axborot maydonida Mobiuz mobil aloqa operatorini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro jarayon boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Kompaniya quyidagilarni tasdiqlashni muhim deb biladi: kompaniya ichidagi barcha jarayonlar odatiy tartibda davom etmoqda va rejalashtirilgan barcha loyihalar to‘liq hajmda amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Mobiuz butun mamlakat bo‘ylab 7,8 milliondan ortiq abonent uchun ishonchli raqamli hamkordir. Mijozlarimiz har kuni bizni barqaror aloqa, internetning keng imkoniyatlari, mijozga yo‘naltirilgan yondashuv va insoniy munosabatimiz uchun tanlaydilar. Biz, avvalgidek, odamlarga yaqinroq bo‘lish, foyda keltirish, ijobiy o‘zgarishlarga intilish kabi falsafamizga sodiq qolamiz.
O‘zbekistonda sog‘lom investitsiya muhitini yaratish va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha shaffof siyosat izchil ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, 2020-yil 27-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilingandi. Mobiuz o‘shanda Xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali ommaviy savdolarda to‘liqligicha davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotiladigan korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Hozirgi kunda ochiq xususiylashtirish jarayonining navbatdagi bosqichi amalga oshirilmoqda. Unga Rothschild & Co, KPMG va Deloitte singari xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilar jalb etilgan.
Bu jarayonlarning barchasi kompaniyaning joriy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmaydi hamda abonentlar, xizmatlar va xodimlarga aloqador emas.
Mobiuz shahar va qishloq hududlarida yangi tayanch stansiyalarini ishga tushirish, 5G tarmog‘ini rivojlantirish, yangi raqamli xizmatlarni joriy etish, brend zonalarini ochish, yangi avlod tariflarini ishga tushirish hamda muhim ijtimoiy va ekologik loyihalarni amalga oshirishni davom ettirmoqda. Faqatgina 2025-yilning dastlabki 5 oyida 2500 dan ortiq tayanch stansiyalari ishga tushirildi, 4G qamrovi mamlakatimizning 96 foiz aholi punktlarigacha kengaytirildi, o‘nlab kilometr optik tolali aloqa tarmoqlari yotqizildi va bular – keng ko‘lamli ishlarimizning bir qismi, xolos.
Ishonchimiz komilki, xususiylashtirish jarayoni Mobiuz uchun muhim qadam bo‘lib, kompaniya oldida yangi imkoniyatlarni ochadi. Strategik investorni jalb etish ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va abonentlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish uchun qo‘shimcha turtki bo‘ladi.
Hozir va kelajakda abonentlarimiz ishonch hosil qilishlari mumkin: Mobiuz doimo yoningizda bo‘lib, sizni qo‘llab-quvvatlaydigan, birlashtiruvchi va oldinga yetaklovchi aloqa vositasi bo‘lib qoladi. Biz uchun eng muhimi – hayotingizni osonlashtiruvchi, qiziqarli va mazmunli qiladigan har bir qo‘ng‘iroq, har bir xabar, har bir megabaytdir.
Xususiylashtirish masalasiga oid barcha yangiliklarni rasmiy manbalarimizda o‘z vaqtida va shaffof tarzda e’lon qilib boramiz. Ishonchingiz uchun minnatdormiz!