Biz ijtimoiy tarmoqlarda
Mobiuz ko‘ngillilari alohida ehtiyojli bolajonlarga harakatlanish vositalarini sovg‘a qildi

Mobiuz jamoasi Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi tarbiyalanuvchilari uchun xayriya aksiyasi otkazdi.

Mobiuz xodimlari uchun ko‘ngillilik bir martalik tadbir emas, balki allaqachon hayot tarziga aylanib ulgurgan. Ular ko‘p yillardan beri xayriya aksiyalarida qatnashib, qon topshirib, yordamga shoshilib keladi. Yordam berish odamlarni har qanday korporativ tadbirdan-da yaxshiroq birlashtiradigan ezgu odatga aylangan.

Bu yo‘nalishda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi alohida o‘rin tutadi. Kompaniyani RBIMM bilan ko‘p yillik hamkorlik rishtalari bog‘lab turadi: Mobiuz xodimlari markaz bilan hamkorlik qilib, alohida ehtiyojli bolalarga amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bu yerda operator vakillarini yuzidan taniydilar va qadrdonlaridek kutib oladilar.

Bu gal operator xodimlari alohida ehtiyojli bolalar uchun g‘oyat muhim bo‘lgan harakatlanish vositalari — aravachalarni xarid qildi. Aravachalarning bir qismi ayni damda ularga juda muhtoj bo‘lganlarga bevosita taqdim etildi. Qolganlari esa har kuni o‘nlab tarbiyalanuvchilar keladigan markazning o‘zida qoldirildi va endi ko‘pchilikka xizmat qiladi.

Kompaniya uchun bu “nomiga” qilingan aksiya emas, balki uning ishonch-e’tiqodining bir qismidir, axir yuksak texnologiyalar yonida hamisha insoniy mehr-oqibatga o‘rin bo‘lishi kerak. Kimningdir bir kunini, ba’zan esa butun hayotini o‘zgartirish uchun alohida sabab kutish shart emas. Birga jam bo‘lib, bir qadam oldinga tashlashning o‘zi kifoya. Mobiuz jamoasi bu qadamni tashladi va kelajakda ham buni ko‘p bora takrorlashi shubhasiz.

Ro'yxatga qaytish