
Mobiuz mobil aloqa operatori va O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xorijiy sayyohlar uchun raqamli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Hujjat Mobiuz yechimlarining mamlakat Yagona milliy turistik platformasi bilan integratsiyalashuvini ko‘zda tutadi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishi xorijiy sayyohlar uchun eSIM xizmatini ishga tushirishdan iborat bo‘ladi. Bepul internet-to‘plamli eSIM’ni O‘zbekistonga kelishdan avval Yagona milliy turistik platforma orqali oldindan rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.
Bu sayohatchilarga mamlakatga kirgan zahoti aloqada bo‘lish imkonini beradi: darhol taksi chaqirish, xaritalar, mehmonhonalarni band qilish va boshqa raqamli xizmatlardan foydalana olishadi.
Shuningdek, hamkorlik doirasida Mobiuz raqamli platformalari orqali ichki turizmni rivojlantirish, jumladan, operator abonentlari ichida turistik mahsulot va xizmatlarni ommalashtirish ham nazarda tutilgan.
Tomonlarning respublika va xalqaro miqyosdagi turistik ko‘rgazmalar, forumlar va festivallarni tashkil etishda ishtirok etishi hamkorlikning alohida yo‘nalishi bo‘ladi.
Mobiuz uchun bu hamkorlik O‘zbekiston turizm sohasining raqamli infratuzilmasiga integratsiyalashishni va mamlakat mehmonlari uchun xizmatlar ko‘lamini kengaytirishni anglatadi.
Tomonlar imzolangan memorandum doirasida integratsiyaning texnik jihatlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish niyatida.
